O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qurilish sanoatida hamkorlik rivojlanmoqda
2019-04-02 | Iqtisodiyot
Joriy yilning 3-5 aprel kunlari “Dimax” sanoat savdo-koʻrgazma biznes markazida “UzbekBuild” oʻzbek-turk qurilish koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi.
Mazkur koʻrgazma Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi va Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan anjumanda mazkur koʻrgazma haqida soʻz yuritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi qurilish vaziri oʻrinbosari Erkin Iskandarov, Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er va boshqalar ikki davlat oʻrtasida barcha sohalar qatori qurilish sanoati rivojida oʻzaro hamkorlik aloqalarining mustahkamlanib borayotgani yurtimiz shaharsozlik sohasining yuksalishiga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Koʻrgazmada mamlakatimiz qurilish korxonalari qatorida Turkiyaning qurilish industriyasidagi 40 dan ortiq yetakchi kompaniyasi ishtirok etadi.
– Eʼtiborli jihati, koʻrgazma ishchi vaziyatda, yaʼni sanoat hududida tashkil etilmoqda, – dedi Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi siyosiy kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Dilshod Shoumarov. – Koʻrgazmada beton, asfalt zavodlari, koʻtarma kranlar, ekskavatorlar, greyderlar, yuklash mashinalari, maydalovchi-saralovchi uskunalar, bruschatka va spliter bloklar ishlab chiqaruvchi uskunalar, maxsus qurilish texnikalari ehtiyot qismlari, betonnasoslar, beton aralashtiruvchi transport vositalari namoyish etiladi. Bundan tashqari, qurilish boʻyoqlari, metallga ishlov berish qurilmalari, elektr yoritgich jihozlari va uskunalari, yoritgich ustunlari, isitish tizimi, sovutish va havo aylantirish tizimi, kranlar, yoʻl toʻsiqlari, yuk va yoʻlovchi koʻtargichlari, ishlov berish uchun dekorativ materiallar, meʼmorchilik yechimlari, landshaft dizayni va koʻkalamzorlashtirish vositalarining taqdim etilishi ham ishtirokchilarga manzur boʻladi, deb oʻylayman.
– Bizning kompaniyamiz shu vaqtga qadar dunyoning 20 dan ortiq davlatida turli yoʻnalishlarda koʻrgazmalar tashkil etgan, – dedi Turkiyaning “Bosphorus Expo” kompaniyasi rahbari Utku Bengisu. – Qurilish mahsulotlariga ixtisoslashgan bu koʻrgazmani yurtingizda birinchi bor tashkil etishda hamkorlik qilmoqdamiz. Koʻrgazmaga Turkiyaning soha boʻyicha eng nufuzli kompaniyalarini jalb etganmiz. Maqsadimiz nafaqat poytaxtingiz, balki Oʻzbekistonning boshqa hududlarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga oʻz hissamizni qoʻshishdir.
Koʻrgazma doirasida oʻzbek-turk qurilish biznes forumi va uchrashuvlar ham uyushtiriladi.
N.Ziyodullayeva, OʻzA