O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Hukumat delegatsiyasining Afgʻonistonga tashrifi
2019-04-01 | Siyosat
2019-yilning 31-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov va Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afgʻonistonda boʻldi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf Gʻani tomonidan qabul qilindi.
Boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Afgʻonistondagi holat yuzasidan ham fikr almashildi.
Afgʻoniston Prezidenti tinchlik jarayonini boshlash borasidagi faol koʻmagi uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorchilik izhor etdi. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklanishi mavjud holat barqarorlashuvining muhim sharti hisoblanishini va bu jarayonga Oʻzbekiston salmoqli hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.
Muhammad Ashraf Gʻani iqtisodiy va infratuzilmaviy hamkorlikni faollashtirganligi uchun Afgʻonistonning Oʻzbekistondan minnatdorligini bildirdi. U iqtisodiy hamkorlik mintaqaviy barqarorlikka zamin yaratishini ham taʼkidladi.
Afgʻoniston rahbari, shuningdek, tinchlik muzokaralarini tashkillashtirish maydoni sifatida Samarqand shahrini tanlagani uchun Oʻzbekiston delegatsiyasiga minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston – Afgʻoniston kun tartibining boshqa masalalari hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar ham muhokama qilindi.
31-mart kuni Oʻzbekiston delegatsiyasining Kobul shahriga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov va Afgʻoniston Prezidentining milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Hamidulla Muhib raisligida Xavfsizlik masalalari boʻyicha qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston delegatsiyasi Afgʻoniston Hukumati Ijroiya kengashi raisi Abdulla Abdulla, Prezidentning milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Hamidulla Muhib, Tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy, BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Afgʻonistonga yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Tadamichi Yamamoto va sobiq Prezident Hamid Karzay bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston iqtisodiy bloki vazirlik va idoralari rahbar va vakillarining alohida uchrashuvlari oʻtkazilib, ularda hamkorlik hajmlarini yanada oshirish, oʻzaro savdoga yangicha shiddat berish, yirik qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, Mozori-Sharif–Hirot va Mozori-Sharif–Kobul–Peshovor temir yoʻl magistrallarini, Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish liniyasini barpo etish boʻyicha takliflarning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.
Muzokaralar yakunida qator hujjatlar imzolandi.