O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent shahrida aholining bandligi oʻrganildi
2019-04-01 | Jamiyat
Aholi bandligini taʼminlash muhim ijtimoiy va iqtisodiy masaladir. Shu bois har yili hukumat miqiyosida “Bandlik dasturi” qabul qilinadi. Uning asosida band boʻlmagan fuqarolar, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarining bitiruvchilari ish bilan taʼminlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq bu yil Toshkentda 42 573 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Hozirgacha 7000 ta yangi ish oʻrni tashkil etilib, ularda aholining banligi taʼminlangan.
Shuningdek, ishsiz qatlamning poytaxtimizdagi Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga qilgan murojaatiga koʻra, 1079 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 179 nafari kasbga tayyorlashga va qayta tayyorlashga yuborildi, 315 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi, 190 nafariga 67 830 ming soʻm miqdorida ishsizlik nafaqalari tayinlandi va toʻlab berildi.
Bundan tashqari, aholi bandligiga koʻmaklashish markazida roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi uchun talab etiladigan xarajatlar ham muntazam oʻrganilib, eng kam oylik ish haqi 10 baravari miqdorida toʻlab berilmoqda.
Turli korxona va tashkilotlarda mehnat qonunchiligini talablarining bajarilishi ham doimo eʼtiborda. Bu borada joriy yilning oʻtgan davrida 5 mingdan ortiq korxonalarning mehnat qonunchiligiga amal qilishi va xodimlarining mehnat muhofazasini taʼminlashi borasidagi ishlari monitoring qilindi. Oʻrganishlar asosida faoliyatida kamchiliklar aniqlangan korxonalarga nisbatan 300 mln.soʻmdan ortiq maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi.
Shahrimiz aholisi uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, band boʻlmagan fuqarolarni ish bilan taʼminlash yoʻnalishidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.