O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Kuvayt Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari bilan uchrashuv
2019-04-01 | Siyosat
2019-yilning 29-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahrida mamlakatimizda shaxsiy tashrif bilan boʻlib turgan Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, Mudofaa vaziri Shayx Nosir Saboh al-Ahmad as-Saboh bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston – Kuvayt munosabatlarini rivojlantirish, ularga koʻp qirrali tus berish uchun sezilarli salohiyatning mavjudligi eʼtirof etildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion sohadagi aloqalarni rivojlantirishning ustuvor vazifalariga, Oʻzbekistonda muhim ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish fondi va boshqa investorlarning moliyaviy mablagʻlarini jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Orolboʻyi mintaqasida ijtimoiy loyihalarni roʻyobga chiqarish toʻgʻrisida kelishib olindi.
Shuningdek, Markaziy Osiyoni Yaqin va Oʻrta Sharq mintaqasi bilan bogʻlovchi transport koridorlarini diversifikatsiya qilishga oʻzaro qiziqish bildirildi. Shu jihatdan “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Oʻmon” transport koridorining muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvda ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Muzokaralarda Kuvayt Elchisi Ahmad Xolid Al-Jiyron ishtirok etdi.