O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Doctors community cup – Tashkent-2019”: finalda Markaziy Osiyo derbisi

2019-03-29 | Sport

26-martdan beri poytaxtimizdagi “Bunyodkor” futbol akademiyasiga qarashli maydonda “Doctors community cup – Tashkent-2019” xalqaro turniri oʻtkazilayotganidan xabaringiz bor.

Bugun turnirning yarim final oʻyinlari oʻtkazilib, finalga yoʻl olgan jamoalar nomi maʼlum boʻldi. Unga koʻra hal qiluvchi bahsda Oʻzbekiston hamda kutilmaganda tojikistonlik shifokorlar oʻzaro kuch sinashadigan boʻldi.

Yarim finalning dastlabki uchrashuvida Oʻzbekiston va Belarus terma jamoalari oʻzaro toʻqnash keldi. Garchi vakillarimiz ilk daqiqalardan tashabbusni oʻz qoʻliga olgan boʻlsa-da, hisobni birinchi boʻlib belaruslik shifokorlar ochdi. 10-daqiqada Vlad Grigorukning aniq zarbasi mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi.

Oʻtkazib yuborilgan goldan koʻp oʻtmay Nodir Bahodirov vaziyatni tikladi. 33-daqiqada esa Azliddin Salohiddinovning golidan keyin oʻzbekistonlik shifokorlar hisobda oldinga chiqib oldi.

Ikkinchi boʻlim ham vakillarimizning ustunligida oʻtib, yana oʻsha Salohiddinov hamda Shavkat Yusupov raqib darvozasini bir martadan aniq nishonga oldi va Oʻzbekiston 4:1 hisobi bilan yirik, shu bilan birga irodali gʻalabaga erishdi.

Hamyurtlarimiz finalda Tojikiston terma jamoasi bilan kuch sinashadigan boʻldi. Bu ikki jamoa bitta guruhdan joy olgan va oʻshanda vakillarimiz 1:0 hisobida zafar quchgandi. Yarim finalda tojiklar musobaqa favoritlaridan biri Qozogʻistonni 4:1 hisobida magʻlub etdi. Shuni taʼkidlash kerak, oʻyin borasida qozogʻistonlik shifokorlar yaqqol ustunlikka ega boʻldi, biroq yaratilgan vaziyatlarni golga aylantirish borasida omad tojik shifokorlariga kulib boqdi. Shunday qilib finalda Oʻzbekiston – Tojikiston terma jamoalari kuch sinashsa, 3-oʻrin taqdiriga Qozogʻiston va Belarus terma jamoalari oydinlik kiritib beradi.

Bugun 5-8-oʻrinlar uchun ham oʻyinlar oʻtkazildi. Dastlab Ukraina terma jamoasi qirgʻiz hamkasblarini 3:1 hisobida magʻlub etgan boʻlsa, ikkinchi oʻyinda Rossiya va Oʻzbekistonning 40 yoshdan yuqori shifokor-futbolchilari bahs olib borishdi. Qizgʻin va murosasiz kechgan oʻyinda 2:2 hisobi qayd etildi. Natijada gʻolibni aniqlash uchun penaltilar seriyasiga murojaat qilindi. Unda omad hamyurtlarimizga kulib boqdi – 5:4, Oʻzbekiston foydasiga.

Ertaga Ukraina va Oʻzbekiston-2 jamoalari 5-oʻrin uchun bahs olib borsa, Rossiya hamda Qirgʻiziston terma jamoalari 7-oʻrin masalasiga oydinlik kiritadi. Final uchrashuvi ertaga “JAR” stadionida soat 14:00da boshlanadi.

 

Otabek Eshmamatov, Muhammad Amin (surat), OʻzA

Поделиться