O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Jamoatchilik nazorati oliy attestatsiya jarayonida muhim mezon boʻlishi shart

2019-03-29 | Ta’lim

Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari muhokamasi portaliga oliy attestatsiya jarayonini takomillashtirish bilan bogʻliq hujjat loyihasi joylashtirildi. Qaror loyihasiga ilm ahli tomonidan bildirilayotgan fikr va mulohazalar bilan birgalikda belgilangan platformadan tashqarida - ommaviy axborot vositalarida ham keng muhokama qilinmoqda.

Olimlarning tadqiqotlari uchun asosan davlat byudjetidan mablagʻ ajratiladigan, biznes sektorining ilmiy izlanishlarga mablagʻ ajratishga qodir boʻlmagan bir sharoitda tadqiqot natijalarini attestatsiya qilish qator murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Davlat byudjetidan 2018 yilning

6 oyida 300 dan ortiq ilmiy-tadqiqot markazlari, ilmiy-ishlab chiqarish tashkilotlari va innovatsion markazlar uchun Davlat byudjetidan 168 milliard soʻm yoʻnaltirilgan. Ilm-fan uchun ajratilgan mablagʻ miqdori keskin ravishda oshirib borilayotgani, 2014 yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,20 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2019 yilda bu raqam uch barobarga koʻpayib 0,60 foizni tashkil qilgani oʻzgarishlar koʻlamidan dalolat berib turibdi.

Davlat byudjetining har bir soʻmi hisob-kitobli. Ilm-fanning bosh homiysi sifatida davlat tomonidan ajratilgan mablagʻlarning ilm-fan yutuqlariga aylanishini attestatsiyadan oʻtkazish gʻoyat muhim masala va u byudjet intizomining tarkibiy qismi – soliq toʻlovchining oldidagi masʼuliyatning koʻrinishi hamdir. Bu vakolat Oliy attestatsiya komissiyasi timsolida amalga oshirilishi, kompetent organ gʻayrilmiy munosabatlarga nisbatan murosasizlik bilan yondashuvni tabiiy, deb hisoblash mumkin.

Masalaning yana bir tomoni oliy attestatsiya jarayoni olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy ijodning davlat tomonidan tan olinishidir. Bu tan olish tadqiqotchining nafaqat olim balki munosib kadr sifatida ham eʼtirof etilishiga olib keladi. Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini boshqarish oliy malakali kadrlarning salohiyatiga asoslangan, yaʼni eng quyi tizim – dekanatdan tortib yuqori tizimgacha boʻlgan bosqichlarning har birida oliy attestatsiya tomonidan tan olingan ilmiy salohiyat talab qilinadi. Bu esa ilm jarayonida sunʼiy ajiotajni vujudga keltirayotgani - olimlikka, demakki yuqori mansab uchun yoʻllanmaga ham ega boʻlishni istayotganlar toifasini vujudga keltirdi. Qayd etish kerakki, oʻtgan davr mobaynida oliy attestatsiya tizimi maʼlum bir maʼnoda yuqoridagi toifaning intilishlariga munosib qarshilik koʻrsatib keldi.

Jamiyat huquqiy madaniyatining tarkibiy qismi sifatida oliy attestatsiya jarayoni ham maʼlum bir normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi. Hayotimizning turli xil sohalarini tartibga soladigan qonun va qarorlarni solishtirib aytish mumkinki, oliy attestatsiya jarayonida minimal miqdorda hujjatlar ishlatiladi. Shunga qaramay tadqiqot natijalarini toʻgʻri rasmiylashtirish borasida qator muammolar mavjud. Ilmiy jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan manbalardan bexabarlik ilmiy tadqiqotni rasmiylashtirishda demakki, tadqiqotning OAK tomonidan tan olinishida muammolarni yuzaga keltirayotgani kuzatilmoqda.

Mavjud muammolarning yechimi sifatida quyidagilarni taklif qilinadi.

Birinchidan, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishning aniq mexanizmlari – dissertatsiyalar va himoya jarayonining videoversiyasini ochiq bazaga joylashtirish, himoya jarayoniga OAV vakillarini jalb etish, himoya jarayonida har bir bosqichning muddatlariga rioya etilishini axborot-kommunikatsion texnologiyalarni qoʻllagan holda nazorat qilish maqsadga muvofiqdir.

Ikkinchidan, ilm-fan ombudsmanining faoliyatini yoʻlga qoʻyish – ziddiyatli masalalarni jamoatchilik koʻz oʻngida muhokama qilish, tegishli munosabat bilidirish mexanizmini yaratish zarur boʻladi.

Uchinchidan, Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatiga axborot-kommunikatsion texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish kerak. Tadqiqotchi bilan kengash, kengash bilan OAK oʻrtasidagi munosabatlarning shaffof boʻlishi jarayonga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq qilish koʻlamiga ham bogʻliqdir.

Toʻrtinchidan, oliy taʼlim muassasalari bosqichma-bosqich mustaqil boʻlar ekan yirik oliygohlarning kengashlarini moddiy texnika bazasini kuchaytirish, tadqiqot natijalarini rasmiylashtirishga har tomonlama koʻmak berishi zarur boʻlgan ilmiy kengash raisi va kotiblarining ish hajmidan kelib chiqib, ularga ish haqi toʻlash tartibini joriy qilish zarur.

Bugun oliy taʼlim muassasalari juda keskin oʻzgarishlar ostonasida turibdi. Shunday ekan, tajribadan kelib chiqib oliy taʼlim attestatsiya boʻyicha islohotlarni bosqichma bosqich amalga oshirish maqsadga muvofiq boʻladi.

 

Azizbek Egamberdiyev, Mintaqaviy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Поделиться