O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moʻynoq tumanidagi maktabga innovatsion kitoblar sovgʻa qilindi
2019-03-28 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri oʻrinbosari Azimjon Nazarov boshchiligidagi ishchi guruh vazirlik tomonidan taqdim etilgan loyihalarining joriy etilishini oʻrganish, hududning innovatsion eko tizimini yaratish borasida takliflar ishlab chiqish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Azimjon Nazarov, vazirlik xodimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari J.Kazbekov, Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi xodimlari Prezidentimizning tashabbuslaridan kelib chiqib, Moʻynoq tumanidagi 7-sonli maktabga oʻzbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi kitoblar bilan bir qatorda innovatsion QR kodli kitob ham taqdim etdilar.
Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazining Moʻynoq filialida maktab oʻquvchilari uchun yosh biologlar tajriba uchastkasini tashkil etishga va ushbu yer maydonida oʻquvchilarga boshlangʻich amaliy ekologik taʼlim berishni yoʻlga qoʻyishga kelishildi.
Maktab maʼmuriyati Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi va maktab jamoasi oʻrtasidagi hamkorlik yoshlarni ilm-fanga qiziqishlarini oshishiga, hududning ekologik holatini ijobiy tomonga oʻzgartirish uchun zamonaviy texnologiyalar, yangi bilimlardan foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanligini tushunishlariga xizmat qiladi. Bu oʻz navbatida kelajakda ularning innovatsion loyihalar, ishlanmalar, texnologiyalar orqali aholining farovon hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratishlariga asos boʻladi.