O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri hindistonlik hamkorlar bilan uchrashdi
2019-03-28 | Innovatsiya
Innovatsion rivojlanish vazirligida Hindistonning “India Builders Corporation” (IBC) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘ldi.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov IBC kompaniyasi vakillari bilan suhbatda iqtisodiyotga yangi texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb qilib bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashdi.
IBC kompaniyasi Yaqin Sharq, Osiyo-Tinch okeani davlatlari, AQSh va boshqa mamlakatlarda sho‘ba korxonalariga ega bo‘lib, ko‘chmas mulk, axborot texnologiyalari, mehmonxona sohasida butun dunyoda 2 milliard AQSh dollari atrofidagi biznesga egalik qiladi.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonga investitsion loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelganini aytib, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilish istagini bildirdi:
– yurtimizga elektron hukumat, raqamli tibbiyot (e-health), elektron savdo texnologiyalarini, kommunal va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, soliq tizimi va boshqa sohalarga axborot texnologiyalarini tatbiq etish;
– “Aqlli shahar”, “aqlli binolar” (turar joylar va ma’muriy inshootlar), “aqlli tibbiyot muassasalari”, suv resurslari va chiqindilarning aqlli boshqaruvi” kabi loyihalarda ishtirok etish;
– axborot texnologiyalar bo‘yicha ta’lim;
– Innovatsion startap loyihalar (“Block chain”, “Artificial Intelligence”, “Internet of Things” va boshqalar);
– Axborot texnologiyalari parklarini yaratish.
Uchrashuvda delegatsiya a’zosi Ataat Xon IBC kompaniyasida ishlash bilan birga, Kameda Infologics” (Hindiston, Saudiya Arabistoni, Yaponiya, Malayziya va AQShda idoralar ega), “Kameda Arabia” (Saudiya Arabistoni), “ClearPath Orthodontics” (BAA) korxonalarini ham boshqarishini ta’kidladi. U yurtimizda onkologiya sohasida loyihalarni amalga oshirish, jumladan, saraton xastaliklarini davolashga ixtisoslashgan skrining markazlari va klinikalar tashkil etish bo‘yicha qiziqishi borligini bildirdi.