O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Hech bir masala beeʼtibor qolmaydi
2019-03-28 | Jamiyat
Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangilanish va takomillashish, demokratik jarayonlar, davlat tuzilishi va boshqaruvi tizimini isloh qilish yoʻlida dadil qadamlar tashlanmoqda.
Tub islohotlar jarayonida xalq bilan muloqotga katta eʼtibor qaratilyapti. Mamlakatimizdagi asosiy yangilanishlardan biri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonalari tashkil etilgani boʻlib, yurtdoshlarimiz bu yerga oʻz muammolari, shikoyat va takliflari bilan murojaat etishlari mumkin. Mazkur yoʻnalish xalq ovozi va fikr-mulohazalari ustunlik qilishini taʼminlashda mohiyatan muhim qadam boʻldi.
Xalq qabulxonalari aholi bilan muloqot jabhasida fuqarolar murojaatlari boʻyicha tegishli choralar koʻrishning muhim vositasidir. Zero, bu yerda masala joyida va zudlik bilan hal etiladi. Sayyor qabullar chogʻida esa odamlarning muammolari oʻz vaqtida yechim topishiga, turmush sharoitining yaxshilanishiga koʻrsatilgan sinchkov eʼtibor adolatga, xalqning davlatga va ertangi kunga boʻlgan ishonchining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Joriy yilning 25 mart kuni IIV Madaniyat saroyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi T.Xudaybergenov boshchiligida hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, masʼul xodimlar ishtirokida sayyor qabul boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbir ilgari xalq qabulxonalariga murojaat etgan aholining arizalarida bayon etilgan masalalarni muhokama qilish va joyida hal etish maqsadida uyushtirildi.
Sayyor qabulda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov hamda vazirlikning masʼul xodimlari ham ishtirok etdi.
Taʼkidlash joizki, fuqarolar qabuli yuqori darajada oʻtkazildi. Yashash manzili boʻyicha tushgan murojaatlarga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatlardan taklif etilgan fuqarolarni binoning kirish qismida xalq qabulxonalari xodimlari kutib olishdi. Shuningdek, ular masalalarning yoʻnalishiga qarab tezkor ravishda guruhlar tuzib, tashrif buyurganlarni toʻgʻridan-toʻgʻri masʼul shaxslar qabuliga yoʻnaltirib turishdi. Hech qanday tirbandlik, tushunmovchilik va tartibsizliklar kuzatilmadi – qabul uyushqoqlik va aniqlik bilan amalga oshirildi. Hech bir masala beeʼtibor qolmaganini qayd etib oʻtish lozim. Turli xonalarda oʻtkazilgan qabullar chogʻida har bir fuqaroning murojaati diqqat bilan tinglandi. Aksariyat masalalar joyida oʻz yechimini topdi. Muayyan vaqt talab qiluvchi murojaatlar nazoratga olindi, tegishli masʼul shaxslarga topshiriqlar, arizachilarga esa huquqiy tushuntirishlar berildi.
- Bunday sayyor qabullar aholi turmushida yigʻilib qolgan turli masala va muammolarning hal etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda, - deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasi bosh mutaxassisi Nasiba Najmiddinova. Aholi bilan muloqot toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirilmoqda, hech bir fuqaroning murojaati eʼtiborsiz qolmayapti. Ushbu saʼy-harakatlar natijasi oʻlaroq, xalqimizning ijro etuvchi hokimiyat organlariga boʻlgan ishonchi ortayotgani shubhasiz. Biz ham zimmamizga yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishi yoʻlida barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.