O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Surxondaryo – baxshilar yurti
2019-03-28 | Madaniyat
Joriy yil 5-10-aprel kunlari Termiz shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali oldidan Termiz arxeologiya muzeyida tashkil etilgan koʻrgazma shunday nomlandi.
Viloyatning mashhur baxshilari ijodi va faoliyatiga bagʻishlangan tadbirning ochilish marosimida Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari R.Choriyev, Oʻzbekiston xalq baxshilari Sh.Boltayev, X.Mardonaqulov va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimizda xalq ogʻzaki ijodini qoʻllab-quvvatlash, baxshi-shoirlar mehnatini ragʻbatlantirishga qaratilayotgan eʼtibor yuksak samaralar berayotganini taʼkidladi.
Prezidentimizning 2018-yil 1-noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar koʻlamini yanada kengaytirib, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodini targʻib qilish, el suygan baxshilar xizmatini dunyoga keng tarannum etishda muhim dasturilamal boʻlmoqda.
Koʻrgazmada Surxondaryo viloyatida baxshichilik sanʼati rivojiga munosib hissa qoʻshayotgan baxshilarning milliy kiyimlari, doʻmbira va boshqa noyob buyumlari namoyishiga keng oʻrin ajratilgan.
Hozirgacha mamlakatimizda Oʻzbekiston xalq baxshisi unvoniga sazovor boʻlgan 28 nafar baxshining 9 nafari surxondaryolik baxshilardir. Koʻrgazmada tomoshabinlar Qora Umirov, Shoberdi Boltayev, Xoʻshboq Mardonaqul oʻgʻli, Abdunazar Poyonov kabi Oʻzbekiston xalq baxshilari, shuningdek, “Nihol” mukofoti sovrindori Ilhom Norov va boshqa baxshi-shoirlar hayoti, ijodi va faoliyatiga doir qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻladi.
Oʻziga xos milliy urf-odatlar aks etgan koʻrgazmada davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, baxshilar, yoshlar bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi talabalari ham ishtirok etdi.
– Koʻrgazma bizda katta taassurot qoldirdi, – deydi ushbu taʼlim markazi talabasi Asadullo Bashash. – Bizning mamlakatda ham xalq ogʻzaki ijodi namunalarini tarannum etadigan baxshilar bor. Lekin ularga bu darajada eʼtibor berilmaydi. Gapning ochigʻi, Oʻzbekistonda baxshilar mamlakatning eng ardoqli, suyukli kishilariga aylanganini koʻrib havasimiz keldi. Ularning mayin va oʻynoqi ovozdagi termalarini tinglab, oʻzgacha zavq oldik.
Tadbirda baxshiyona sheʼrlar oʻqildi. Oʻzbekiston xalq baxshilari va yoshlar qiziqarli termalar ijro etib, ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA