O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Innovatsion rivojlanish vaziri imkoniyati cheklangan bolajonlarga kitoblar sovgʻa qildi
2019-03-27 | Ta’lim
Prezidentimizning kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab quvvatlagan holda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Oʻzbekiston Respublikasi Toshkent viloyati Qibray tumani 42-sonli tayanch-harakat apparatida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga borib, kitoblar va oʻquv qurollari topshirdi.
– Sizlarning kamol topishingiz, yurtimizni rivojlanishiga xizmat qoʻshadigan insonlar boʻlib yetishishingiz uchun kitobning oʻrni beqiyos, – dedi I. Abdurahmonov bolalarga murojaat qilarkan. – Hozir bir kutubxonangizni toʻldirishga birozgina hissa qoʻshyapmiz xolos. Har bir kitob – bir dunyo, shu kitoblarni oʻqib, yangidan yangi dunyolarni kashf qilasiz, dunyoqarashingiz oʻsadi, kelajakda yuqori marralarga erishishingizga yordam beradi.
Kitob sovgʻa qilinganidan soʻng vazirlik xodimlari tomonidan bolajonlarga qiziqarli robototexnika mashgʻulotlari oʻtkazildi. Robototexnika saboqlari bolalarni ilm-fan, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarga qiziqishini orttirsa, kitoblarni ularning ijobiy fikrlashiga xizmat qiladi. Innovatsion rivojlanish vazirligi mazkur maktab-internatda muntazam ravishda robototexnika boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etishni rejalashtirdi.
Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbariyati va xodimlari Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Buxoro, Andijon, Samarqand, Qashqadaryo, Navoiy viloyatlari hamda Toshkent shahridagi bir necha maktablarga kitoblar sovgʻa qildilar. Xususan, Innovatsion rivojlanishi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Namangan viloyati Chust tumani Gʻovasoy qishlogʻidagi oʻzi taʼlim olgan 12-oʻrta maktabga kitoblar sovgʻa qildi, vazirlik xodimlari tomonidan ushbu maktabga Q-Box qurilmasi ham oʻrnatildi.
Shu bilan bir qatorda respublikamiz viloyatlarining uzoq hududlaridagi maktablariga bir necha ming kitoblarni oʻzida jamlagan, wi-fi Tizimi shaklidagi Q-Box qurilmasini oʻrnatish ishlari davom etmoqda.