O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fidoyilar munosib taqdirlanadi
2019-03-27 | Madaniyat
Sir emaski, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosati nafaqat mamlakatimiz aholisiga farovon turmush tarzini yaratish balkim, har bir sohani yuksaltirishga qaratilgan. Xususan, madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirib, yangi bosqichga koʻtarish, ayniqsa, soha xodimlarini munosib ragʻbatlantirib borish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, xalqimizning boy madaniy merosini tiklash va oʻrganish maqsadida bir qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, poytaxtimizda Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazi, Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi barpo etilmoqda. Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi, Oʻzbekistonning yangi tarixi markazi faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Kitobxonlik madaniyatini oshirish, madaniyat va sanʼat sohasini takomillashtirishga katta eʼtibor qaratilib, hududlarda ulugʻ sanʼatkorlarimiz nomi bilan ataladigan ijodiy maktab va markazlar tashkil qilinmoqda.
Taʼkidlash joizki, madaniyat va sanʼat sohasi xodimlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar ularni yanada jonkuyarlik bilan mehnat qilishga, berilayotgan eʼtibor va ragʻbatga munosib boʻlish hissi bilan faoliyat yuritishga undaydi.
Soha vakillarining mashaqqatli mehnatlarining berilgan benazir baho sifatida “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist”, “Oʻzbekiston xalq artisti”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan “Oʻzbekiston xalq rassomi”, “Buyuk xizmatlari uchun” kabi davlat mukofotlarining berilishini koʻrsatishimiz mumkin. Ana shundan yuksak sharafga ega boʻlgan zahmatkash sanʼat ahli bilan suhbatlashganimda koʻzlari yoshlanib: “Kamtarona mehnatlarimni eʼtiborga olib, berilgan ragʻbatdan boshim koʻkka yetdi.
Shuni alohida taʼkidlashni istardimki, butun umrini sanʼatga bagʻishlagan fidoyi insonlarning“kamtarona” xizmatlari aslida ulkan mashaqqat, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Ana shu jihatlarni hisobga olib, mamlakatimizning barcha hududlarida madaniyat va sanʼat sohasida uzoq yillardan beri shijoat bilan mehnat qilib kelayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish, ularning mashaqqatli mehnatlarini munosib baholash, eʼtirof etishni soha jonkuyarlari oldidagi burchimiz deb bilaman.
Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida soha rivojiga oid bir qator muhim vazifalar belgilab berildi. Ana shu vazifalar barobarida sanʼat fidoyilariga “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni taʼsis etish belgilab berilgan edi.
Ushbu sharafli vazifani bajarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur qaror joriy yilning 20 mart kuni tasdiqlandi.
Ishonch bilan ayta olamanki, davlatimiz tomonidan madaniyat va sanʼat sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor — “Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishonining taʼsis etilishini sanʼat ahli koʻtarinki ruh va quvonch bilan qarshi oldi.
Endilikda, mazkur koʻkrak nishoni mamlakatimizda madaniyat va sanʼat sohasi rivojiga katta hissa qoʻshgan, xalq mehrini qozongan, oʻzbek sanʼatini dunyo sahnalarida namoyish etib kelayotgan yoshlarning ustozlari, soha istiqboli uchun malakali kadrlar tayyorlashda jonbozlik koʻrsatayotgan tajribali madaniyat va sanʼat vakillarini munosib taqdirlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu kabi eʼtirof soha vakillarini qanchalik quvontirsa, oʻz oʻrnida ularning zimmasiga shu qadar jiddiy masʼuliyat ham yuklaydi. Sababi, har qanday ragʻbatga javoban yanada yuqori natijalar koʻrsatish, amaliy namunalar orqali bildirilgan ishonchni oqlash eng toʻgʻri yoʻl va ezgu fazilatdir.
“Madaniyat va sanʼat fidokori” koʻkrak nishoni 2020 yil kirib kelishi arafasida munosib nomzodlarga topshiriladi.
Madaniyat va sanʼat sohasida uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan barcha fidoyi insonlarni munosiblar qatorida koʻrishdan mamnun boʻlaman.
Baxtiyor Sayfullayev
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri