O‘zbekiston yoshlar ittifoqi muassisligida tashkil etilgan Respublika yoshlar markazi tomonidan Mehribonlik uylari, jazoni ijro etish muassasalari hamda harbiy qismlarda faoliyat yuritayotgan to‘garaklar a’zolari bilan Navro‘z bayrami munosabati bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Toshkent shahridagi 23-Mehribonlik uyida uyushtirilgan tadbirda to‘garak a’zolariga Yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar markazi logotipi aks ettirilgan esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan Respublika yoshlar markazi va Xalq ta’limi, Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlikda Mehribonlik uylari, harbiy qismlarda ham bepul to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Markaz direktori Husniddin Mamadievning ta’kidlashicha, to‘garaklar nafaqat Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida, balki eng chekka tuman va shaharlar hududlarida ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirga qadar ushbu to‘garaklarga jami 160 mingdan ortiq yosh jalb etilgan, ularning 90 mingga yaqini to‘garaklarni muvaffaqiyatli tamomladi. Xorijiy mamlakatlarda ishlab qaytgan yoshlarimiz uchun ham ushbu to‘garaklarda bepul kasb-hunar o‘rganish imkoniyati yaratilgan.
M.Qosimova, O‘zA