O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid o‘zi ta’lim olgan maktabga kitoblar to‘plamini tuhfa etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish masalasi keng muhokama qilingan edi. Sh.Mirziyoev o‘z nutqida, “Bosh vazirdan boshlab, tumanlar rahbarlari, barcha deputatlar, kelinglar, o‘zimiz tashabbus ko‘rsataylik va o‘zimiz o‘qigan tumandagi maktablarga 10-20 tadan kitob sovg‘a qilaylik. Hamma ham kitob o‘qiyvermaydi, biroq yoshlarimizga ular kerak”.
Davlatimiz rahbarining mazkur taklifini qo‘llab-quvvatlagan holda bugun rahbarlar o‘zlari ta’lim olgan maktablarga kitoblar sovg‘a qilishmoqda.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid ham o‘zi ta’lim olgan Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanidagi 45-umumta’lim maktabiga tashrif buyurib, eng sara kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi.