O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari informatika boʻyicha xalqaro olimpiadada faxrli oʻrinni qoʻlga kiritdi
2019-03-27 | Texnologiyalar
Rossiya Federatsiyasining Tver shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar Mudofaa vazirlari kengashi tarkibiga kiruvchi davlatlarning oliy harbiy taʼlim muassasalari kursantlari oʻrtasida V xalqaro olimpiadaning informatika fani boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi.
Xalqaro olimpiadaning mazkur fan boʻyicha Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti kursantarining ikkita jamoasi ham ishtirok etib, bitta yoʻnalishda yuqori natijani qayd etdi.
Rossiya Federatsiyasi Harbiy kosmik kuchlari akademiyasi tashkilotchilik qilgan olimpiadada informatika fani boʻyicha kursantlar umumiy hamda mutaxassislik tayyorgarligi yoʻnalishi shartlari boʻyicha oʻzaro bellashdi. Har bir yoʻnalish 3 turdan iborat boʻldi. Olimpiadaning mutaxassislik tayyorgarligi yoʻnalishi boʻyicha yakuniy natijalarga koʻra, oʻzbekistonlik kursantlar umumjamoa hisobida 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Birinchi oʻrin esa mezbon — Rossiya jamoasiga nasib etdi.
Eslatib oʻtamiz, 2018-yilda Sankt-Peterburg shahrida informatika fani boʻyicha boʻlib oʻtgan bahslarda oʻzbekistonlik kursantlardan iborat jamoa birinchi bor ishtirok etishiga qaramay faxrli 3-oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.
23-mart kuni tunda faxrli oʻrinlardan birini qoʻlga kiritgan hamyurtlarimiz Mudofaa vazirligi vakillari tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.
Olimpiadaning navbatdagi yoʻnalishlari boʻyicha bellashuvlar 24—29-mart kunlari Armanistonning Dilijon shahrida Ingliz tili boʻyicha, 20—25-aprel kunlari Qozogʻistonning Karaganda shahrida matematika fani boʻyicha hamda Rossiyaning Ryazan shahrida Harbiy-kasbiy tayyorgarlik boʻyicha boʻlib oʻtadi.
23-mart kuni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti vakillari xalqaro olimpiadaning ingliz tili boʻycha ishtirok etish uchun Armanistonga uchib ketishdi.