O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻquvchi-qizlar sammiti yakunlandi
2019-03-27 | Ta’lim
Samarqand shahrida oʻtkazilayotgan oʻquvchi-qizlar sammitining 25-26-mart kunlaridagi mashgʻulotlari yanada qiziqarli tus oldi.
Xususan,ishtirokchilarning kelajakda kasb-hunar sirlarini puxta egallashi, ularning muayyan sohalarda faol va tashabbuskorlik bilan faoliyat koʻrsatishlari uchun bugundan poydevor oʻrnatish maqsadida Registon maydonida hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Savdo yarmarkasida oʻquvchi-qizlarning oʻz qoʻllari bilan yasagan zargarlik buyumlari, zardoʻzlik mahsulotlari, qoʻgʻirchoq va oʻyib ishlangan bejirim buyumlar koʻrgazmasi chet ellik sayyohlar eʼtirofiga sazovor boʻldi.
- Men mazkur savdo yarmarkasida oʻzim yasab kelgan qoʻgʻirchoqlarim bilan ishtirok etdim, - deydi namanganlik ishtirokchi Mushtariy Muhammadaliyeva. - Fransiya, Italiya kabi davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlar milliy uslubda yasagan qoʻgʻirchoqlarimni qiziqish bilan tomosha qildi.
Shuningdek, koʻp yillardan buyon oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanib kelayotgan oʻquvchi-qizlarning qoʻl mehnatlari ham hunarmandchilik yarmarkasidan oʻrin oldi.
- Oilamiz bilan toʻrt yildan buyon milliy va yumshoq oʻyinchoqlar yasaymiz. Buni menga keksa momom Onaposhsha Otajonova oʻrgatgan. Hozirda tadbirkorlik orqali besh nafar ayol-qizlarni ish bilan taʼminlaganmiz. Mazkur sammitda oʻzimning 500 ga yaqin oʻyinchoqlarim bilan qatnashdim. Maqsadim - kelajakda oʻzbek milliy oʻyinchoqlari savdosini dunyo miqyosida keng yoʻlga qoʻyish, - deydi xorazmlik ishtirokchi Nargiza Karimova.
Kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar Samarqand davlat universiteti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali faoliyati bilan tanishishdi. Soʻngra ishlab chiqarish va sanoat korxonalariga tashrif buyurib, tadbirkor va ishbilarmon xotin-qizlarning mehnat faoliyati haqida maʼlumotga ega boʻlishdi. Shu bilan birga, oʻquvchi-qizlarga “Samarqand-Buxoro ipak gilam” hamda “Amin invest”qoʻshma korxonalari hamda “Dilimax” mehmonxonasi, “Bibixonim” oʻquv markazi faoliyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi.
Sammit doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari bilan boʻlgan uchrashuvda ishtirokchilarining murojaatlari tinglandi. Mazkur uchrashuvda taʼlim va ijtimoiy sohalarda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va kamchiliklar, joylardagi muammo va ularning yechimlari boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr almashildi.Uchrashuv soʻngida umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi “Qizlarjon” klublarining keyingi faoliyati, istiqboldagi rejalar belgilab olindi. Sammit rezolyutsiyasini qabul qilish marosimidan soʻng tantanali yopilish marosimi va bayram kechasi tashkil etildi.
26-mart kuni sammit ishtirokchilari Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va ziyoratgohlar boʻylab sayohat qilishdi. Amir Temur maqbarasi, Bibixonim madrasasi, Hazrati Xizr majmuasi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va ilmiy-tadqiqot markazi, Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi va muzeyida boʻlib, ulugʻ ajdodlarimiz madaniy meroslari bilan tanishishdi.
Joriy yilning 23-mart kuni Samarqand shahrida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida boshlangan “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti 26-martda oʻz ishini yakunladi.