O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent farmatsevtika institutida OAV vakillari uchun matbuot anjumani oʻtdi
2019-03-27 | Fan
26-mart kuni Toshkent farmatsevtika institutida oliy taʼlim muassasasida malakali kadrlar tayyorlash yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda institut rektori Ibrohim Alimjanov ommaviy axborot vositalari vakillariga institutda bu borada qilinayotgan ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
Toshkent farmatsevtika institutida oʻquv dasturlari xalqaro miqyosdagi rivojlantirilgan davlat dasturlariga moslashtirilgan holda tuzilgan, oʻqitiladigan fanlarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda kafedralar soni 14 tadan 18 taga yetkazilgan. Ilgʻor xorijiy oliy taʼlim muassasalarining tajribasi, isteʼmolchilarning talablari asosida har bir taʼlim yoʻnalishining oʻquv rejalari, fan dasturlari va malaka talablari qayta ishlab chiqilib, umumkasbiy va mutaxassislik fanlaridan dars jarayoni sikl koʻrinishida tashkil etilgan.
Institutda ilmiy sohada xalqaro hamkorlik aloqalari boʻyicha 33 ta memorandum imzolandi.
Kelishuv shartnomasiga koʻra, 4 nafar oʻqituvchi Sankt-Peterburg Kimyo-farmatsevtika universitetida malaka oshirib keldi. Shu bilan bir qatorda yana koʻplab davlatlar bilan xalqaro memorandumlar imzolangan boʻlib 2018-2019 oʻquv yilida “El-yurt umidi” stipendiatlaridan 2 nafar oʻqituvchi Buyuk Britaniyaga, 4 nafar oʻqituvchi ITEC dasturi boʻyicha malaka oshirishga, 7 nafar oʻqituvchi Xitoyga stajirovkaga yuborildi.
Institut rektori I.Alimjanov malakali kadrlar tayyorlashda amalga oshirilayotgan ishlar, rejalar, kelgusi oʻquv yilida amaliyotga tatbiq etiladigan loyihalar xususida soʻzlab berdi.
Rektor yangi oʻquv yilida institut maʼmuriyati talabalarni oʻquv-adabiyotlar bilan taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilishi, bunda lotin alifbosidagi kitoblar chop etilishiga ham ahamiyat qaratilishini taʼkidladi.
Tadbirda Ibrohim Alimjanov jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berdi.