O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Qishloqda zamonaviy madaniyat markazi barpo etildi

2019-03-27 | Madaniyat

Nanay – Namangan viloyati markazidan 80 chaqirim shimolda, Chotqol togʻ tizmalari etagida joylashgan chekka qishloq. Yangiqoʻrgʻon tumanidagi ushbu qishloqning Namuna, Zarbdor, Doʻstlik, Qayroqi, Soyboʻyi kabi oʻn ikki mahallasida 30 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. 

Bir vaqtlar sayyohlik va dam olish maskanlari, bolalar oromgohlari bilan dong taratgan mazkur qishloq Qirgʻiziston bilan chegaradosh boʻlgani, chegara hududlaridagi oʻziga xos murakkabliklar tufayli bu boradagi mavqei biroz tushib ketgan edi. 

Prezidentimizning, avvalo, yaqin qoʻshnilar bilan doʻstona munosabatlarni yaxshilash, savdo-iqtisodiy, madaniy, sayyohlik sohalarida hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlari bilan Nanay qishlogʻi ham yana eʼtiborga tushdi. Zero, goʻzal tabiati, zilol suvli soylari, shifobaxsh havosi bilan bu goʻsha kelajakda dunyoning eng jozibador sayyohlik, dam olish va sogʻlomlashtirish manzillaridan biriga aylanishi mumkin. 

Yangi madaniyat markazining barpo etilishi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Nanay qishlogʻini ana shunday zamonaviy shaharchaga aylantirish yoʻlida hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamli loyihalar asosidagi bunyodkorlik ishlarining debochasidir. 

– Prezidentimiz oʻtgan yili may oyidagi tashrifi chogʻida qishlogʻimizni eng obod goʻshaga aylantirish zarurligi haqida gapirgan edi, – deydi mehnat faxriysi A.Fayozov. – Oʻtgan qisqa vaqtda juda koʻp bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Endi biz, nanayliklar bu ishlardan faxrlanish bilangina cheklanib qolmay, oʻz mehnatimiz bilan Vatanimiz obodligiga munosib hissa qoʻshishimiz lozim. 

Loyiha qiymati 3 milliard soʻm boʻlgan rekonstruksiya va jihozlash ishlari hisobiga hatto shaharliklar havas qiladigan madaniyat markazining foydalanishga topshirilishi qishloq ahlining madaniy hordiq chiqarishi, isteʼdodli yoshlarga esa oʻz qobiliyatini roʻyobga chiqarishi uchun yoʻlida ayni muddao boʻldi. 

– 200 oʻrinli tomosha zalining jihozlanishi har qanday nufuzli tadbirlarni oʻtkazish imkonini beradi, – deydi madaniyat markazi direktori U.Roziqov. – Bundan tashqari, raqs, doira, torli asboblar, dutor, “Mohir qoʻllar” toʻgaraklari ham zarur cholgʻu va anjomlar bilan taʼminlandi. Bunday sharoitda ishlashning oʻzi kishiga zavq beradi. 

Ishtirokchilar madaniyat markazida yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. 

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudoybergenov, Namangan viloyati hokimi X.Bozorov ishtirok etdi. 

 
Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat) OʻzA

Поделиться