O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashqi ishlar vazirligida yigʻilish oʻtkazildi
2019-03-27 | Siyosat
2019-yilning 26-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb qilish boʻyicha xorijdagi Oʻzbekiston vakolatxonalarining 2019-yil birinchi choragidagi faoliyati dastlabki natijalari va ikkinchi choragi uchun topshiriqlarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.
Yigʻilishda Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Alisher Abdualiyev ishtirok etdi.
Videoaloqa orqali chet eldagi Oʻzbekiston elchixonalari va konsulxonalari rahbarlarining biriktirilgan mintaqalar kesimida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va davlatimiz rahbarining mamlakat hududlariga tashrifi chogʻida bergan koʻrsatmalarini bajarish boʻyicha hisobotlari tinglandi.
Investitsiya loyihalari bajarilishini tezlashtirish va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish masalalari boʻyicha 20-mart kuni oʻtkazilgan yigʻilish chogʻida berilgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koʻrsatmalariga muvofiq Tashqi ishlar vazirligida xorijdagi vakolatxonalarning dastlabki uch oydagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ikkinchi chorak uchun aniq maqsadlar belgilandi, shuningdek, ushbu sohada idoralararo faoliyatni muvofiqlashtirishni yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.