O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Alisher Sultonov ham oʻzi oʻqigan maktabga kitoblar sovgʻa qildi
2019-03-26 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi, Energetika vaziri Alisher Sultonov bugun, 26 mart kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi oʻzi taʼlim olgan 180-umumtaʼlim oʻrta maktabiga tashrif buyurib, maktab kutubxonasiga shaxsiy kitoblaridan sovgʻa qildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbari bunday tashabbuslarning muhim ahamiyatga ega ekani haqida joriy yilning 19 mart kuni yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida taʼkidlab oʻtgan edi.
Yigʻilishda davlatimiz rahbari aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish masalasiga toʻxtalar ekan, “Har bir rahbar oʻzining shaxsiy kutubxonasidan oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilsa, bu yaxshi tashabbus boʻlib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi”, deb taʼkidlagan edi.