Prezident tashabbusi amalda: rahbarlar o‘zi o‘qigan maktablarga kitob sovg‘a qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2019 yil 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga to‘xtalib, har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta’lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan edi.
Davlatimiz rahbari har bir rahbar, deputatlarga o‘zlari o‘qigan maktabiga 20 donadan kitob sovg‘a qilish, shu orqali kutubxonalar tashkil etish, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish lozimligini qayd etdi.
Ushbu ezgu tashabbus yurtdoshlarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, ayni paytda korxona va tashkilotlar rahbarlari, mutasaddilar tomonidan kitoblar sovg‘a qilinmoqda.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Odiljon Mamatkarimov o‘zi tahsil olgan Uychi tumanidagi 1-umumta’lim maktabiga tashrif buyurdi. O‘z hisobidan o‘quvchilarga 100 dona yangi nashr etilgan badiiy adabiyotlar, darsliklar, xususan o‘zining fizika fani bo‘yicha yozgan o‘quv qo‘llanmalarini sovg‘a qildi.
Namangan shahar hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ham o‘zi tahsil olgan Namangan shahri Mingchinor dahasidagi 2- umumta’lim maktabida bo‘lib, kutubxona uchun o‘z hisobidan 100 dan ziyod badiiy kitoblarni topshirdi. Maktabda o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi. Pedagogik jamoaga ta’lim sifatini oshirish, yosh avlod tarbiyasi borasida mas’uliyatni kuchaytirish zarurligi yuzasidan tegishli ko‘rsatma-tavsiyalar berdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan bu amaliy tashabbus eng avvalo, o‘sib kelayotgan yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish, ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboev,
jurnalist.