“Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumida ishtirok etish muddati uzaytirildi
“Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumida ishtirok etish uchun arzonlashtirilgan tariflarning amal qilishi milliy ishtirokchilar uchun joriy yilning 29 mart soat 18-00 ga qadar uzaytirilgan.
Navro‘z bayrami munosabati bilan qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanganligi sababli 21 – 24 mart kunlari O‘zbekistonda to‘lovni amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganligi tufayli ko‘plab murojaatlar tushgani bunga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, “Tashkent Law Spring” Xalqaro yuridik forumi joriy yilning 25-27 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi.
Forumda O‘zbekiston va qator xorijiy davlatlar adliya vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari, jahonning yetakchi yuridik va konsalting firmalari, olimlar va ekspertlar, shuningdek mamlakatimiz davlat organlari va kompaniyalari rahbarlari, yuridik xizmatlari vakillari, sud ekspertizasi mutaxassislari, notariuslar, advokatlar ishtirok etadi.
Bugungi kungacha AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Avstriya, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Xitoy, Rossiya va dunyoning boshqa davlatlaridan 50 dan ortiq mutaxassis Forumda ma’ruzachi sifatida ishtirok etishlarini tasdiqladi. Ular orasida vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, shuningdek Garvard va Bolonya universitetlari, Boston yuridik kollejining huquq maktabi, Kaliforniya universitetining Gastings yuridik kolleji professor-o‘qituvchilari, “Dentons”, “White & Case” (AQSh), “Reed Smit LLP” (AQSh), “Freshfields Bruckhaus Deringer” (Buyuk Britaniya) “Cleary Gottlieb Steen & Hamilton LLC” (AQSh), “Norton Rose Fulbright LLP” (Buyuk Britaniya) kabi dunyoga mashhur xalqaro yuridik firmalarning advokatlari bor.
Forumda Jahonning deyarli barcha asosiy arbitraj markazlari, shu jumladan Vena xalqaro arbitraj markazi (VIAC), Yevropa nizolarni hal etish markazi (ECDR), Jahon banki guruhining Investitsion bahslarini hal etish bo‘yicha xalqaro markazi (ICSID), Xalqaro savdo palatasi (ICC-Austria) Gonkong Xalqaro arbitraj markazi (HKIAC) vakillari o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.