O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Belgiyada o‘zbek hunarmandchiligi ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda
2019-03-26 | Madaniyat
Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasining Belgiya Qirolligidagi elchixonasi va ”Hunarmand” uyushmasi hamkorligida o‘zbek milliy hunarmandchiligi ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda.
Bu haqda respublika ”Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati ma’lum qildi. Xabarda qayd etilishicha, o‘zbek hunarmandchiligini Yevropada keng targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan ko‘rgazmada Belgiya Qirolligining keng jamoatchilik vakillari, hunarmandchilik ixlosmandlari, tadbirkorlar, biznes doira vakillari ishtirok etmoqda.
Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilayotgan hunarmandchilik ko‘rgazmasida kulolchilik, kashtachilik, zargarlik buyumlari va yog‘och o‘ymakorligi kabi yo‘nalishlarda ishlangan noyob hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etilayotir. Xalqimizning milliy urf-odat va an’analari, madaniyati va tarixidan so‘zlovchi ushbu milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazma ishtirokchilarida katta taassurot qoldirmoqda.
Mazkur ko‘rgazmada bevosita ishtirok etayotgan ”Hunarmand” uyushmasining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i D.Masharipovning qayd etishicha, viloyat hunarmandlari ham ushbu ko‘rgazmada faol qatnashib, yog‘och o‘ymakorligi durdonalari, milliy taqinchoqlar, adras va atlasdan tayyorlangan mahsulotlar bilan ishtirok etayotir.
Hunarmandchilik ko‘rgazmasi doirasida ishtirokchilar uchun milliy kuy-qo‘shiq va raqslardan iborat konsert dasturi ham namoyish etilmoqda.
Uyushma ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazmalar 28 mart kuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
A.Xudoyqulov, O‘zA