Namangan shahrida o‘smirlar va qizlar o‘rtasida “G3” turkumiga kiruvchi xalqaro tennis turniri o‘tkazildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston tennis federatsiyasi hamda Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan musobaqa ishtirokchilari yakkalik va juftlik bahslarida kuch sinashdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi juftlik bahslarida Aziz Dadaboev va Ibrohimjon O‘rinov tandemi mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi. Ular final uchrashuvida gollandiyalik Tiymen Luf va rossiyalik Marat Sharipov juftligi ustidan 6:3, 6:1 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Qizlar o‘rtasida esa hamyurtlarimiz Yasmina Karimjonova va Sevil Yo‘ldosheva hal qiluvchi o‘yinda beloruslik Alyona Faley va Yevialina Laskekich tandemiga 3:6, 1:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Yakkalik bahslarida o‘g‘il bolalar o‘rtasida rossiyalik Pavel Verbin birinchilikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida beloruslik Alyona Faley shohsupaga ko‘tarildi.
J.Toshxo‘jaev, O‘zA