O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Islomobod shahrida oʻtkazilgan Navroʻz bayramida Oʻzbekiston pavilyoni tashkil etildi
2019-03-26 | Madaniyat
2019-yil 24-mart kuni Oʻzbekistonning Pokistondagi Elchixonasi Islomobod shahrida Navroʻz munosabati bilan oʻtkazilgan bayram tadbirida ishtirok etdi.
Bayramda Pokistonning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmon, jurnalistik va ilmiy-akademik doiralari, xorijiy diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Tantananing bosh mehmoni Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Arif Alvi hamda Pokiston hukumati aʼzolari boʻldi.
Bayram tadbiri doirasida Oʻzbekiston pavilyoni tashkil etildi. Pavilyon mamlakatimizning, xususan Namangan viloyatining turistik salohiyatini va iqtisodiy imkoniyatlarini aks ettiruvchi surat va rasmlar bilan bezatildi.
Bayram ishtirokchilari oʻzbek amaliy sanʼatining turli xil buyumlar, jumladan mashhur chust pichoqlari, qoʻl mehnati orqali ipakdan tayyorlangan mahsulotlar hamda pokistonlik sayyohlarning Namangan viloyatiga “Ziyorat-turizmni” amalga oshirishlari uchun maxsus ishlab chiqilgan turistik yoʻnalishlar bilan tanishtirildi.
Mehmonlar oʻzbek anʼanaviy oshxonasi bilan tanishish, shuningdek osh, manti, somsa va shirinliklardan tatib koʻrish imkoniga ega boʻldi.
Oʻzbekiston pavilyoni tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Arif Alvi va uning rafiqasi pavilyonning faxriy mehmonlari boʻldi. Ular oʻzbek xalqining boy madaniy-tarixiy merosini va takrorlanmas milliy oshxonasini yuqori baholadi.