O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Italiya Elchisi bilan uchrashuv
2019-03-26 | Siyosat
2019-yilning 25-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov Italiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Andrea Bertotssi bilan uchrashdi.
Suhbat chogʻida ikki tomonlama va “Oʻzbekiston - Yevropa Ittifoqi” shaklidagi Oʻzbekiston-Italiya hamkorligining joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Xususan, savdo masalalari, iqtisod va sanoat sohasida hamkorlik, eksport kreditlari boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhining navbatdagi majlisini sakkiz yillik tanaffusdan keyin oʻtkazish taklifi muhokama qilindi.
Joriy yilning oxiriga qadar qabul qilinishi rejalashtirilgan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi Strategiyasi loyihasi yuzasidan ham fikr almashildi. Oʻzbekiston tomoni YI bilan koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqladi.
Uchrashuv soʻngida Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Dilshod Axatov va Elchi Andrea Bertotssi tomonidan 2019-2021-yillarga moʻljallangan hukumatlararo Madaniy hamkorlik dasturi imzolandi. Ushbu hujjat taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, talabalar va ilmiy tadqiqotchilar tomonidan grantlar olish tanlovlarida ishtirok etishga oʻzaro ruxsat berilishi, shuningdek, turizm, madaniyat va sanʼat, sport, arxeologiya, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, saqlash va muhofaza qilish sohasida muntazam almashinuvlar amalga oshirish, arxivlar, kutubxonalar va nashriyotlar oʻrtasida aloqalar oʻrnatishni nazarda tutadi.