O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekistonda ilk innovatsion QR kodli sheʼriy toʻplam nashr etildi
2019-03-25 | Innovatsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga eʼtiborni kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼatga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Yozuvchilar Uyushmasi hamda Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi Xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlikda kitobxonlikni keng va maqsadli targʻib qilish, oʻquvchilarni kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlashning innovatsion usullarini joriy etmoqda.
Ana shunday innovatsion faoliyatlardan biri bu QR kodlar joylashgan kitoblarni chop etishdir. Shoira, oʻqituvchi Dil Bonuning ”Qalbim koʻzgusi” nomli sheʼriy toʻplami QR kodlarda joylashgan audio maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan dunyodagi birinchi kitobdir. Kitobni varaqlarkansiz, bir qarashda biror noanʼanaviylik sezmasligingiz ham mumkin. Ammo toʻplamning har bir varagʻining chap yoki oʻng tomonidagi maxsus QR kod tushirilgan boʻlib, mobil telefondagi ilova orqali muallif tomonidan oʻqilgan sheʼrlarni sheʼr mazmuniga mos musiqa ostida tinglash mumkin.
Kitobdagi sheʼrlarning audio tarzda QR kodlarga bunday joylashtirilishi innovatsion gʻoya mahsulidir. Odatda QR kod mahsulot yorliqlarida, reklama mahsulotlarida qoʻllaniladi. Ammo QR kodli bunday shakldagi sheʼriy kitob dunyoning birorta mamlakatida hali yaratilmagan. Badiiy matn, xususan sheʼriy asarning mazmun-mohiyati, uning poetikasi va ruhiyatini biror kim muallifdan yaxshiroq talqin etolmasligini inobatga olsak, bunday kitobning yaratilishi axborot yetkazish va saqlashning yangi, mukammal usulini kashf etdi. Kitobning anʼanaviy bosma nashri bilan audio shaklining uygʻunlashuvi matbaa sohasida yangi imkoniyatlarning ochilishiga xizmat qiladi.
Dil Bonu – nafaqat shoir, balki oʻqituvchi boʻlgani bois ham yoshlarni kitobga oshno qilishning yangi usuliga qoʻl urarkan, tajriba qilishdan choʻchimaydigan ijodkor sifatida oʻzini namoyon etdi. U sheʼriyat ixlosmandlari koʻngliga yanada yaqin boʻlish maqsadida, ularni kitob oʻqishga qiziqtirish maqsadida sheʼrlarini goʻzal musiqaga hamohang oʻqib, oʻquvchiga taqdim etdi. Ijod mahsulining mazkur yangicha yoʻnalishdagi talqinini sheʼriyatning yangi bir avangard janri sifatida ham qabul qilish mumkin.
Agar shunday usuldan foydalanib ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ommabop adabiyotlar, turli fan yoʻnalishlari boʻyicha metodik adabiyotlar, lugʻatlar, maʼlumotnomalar, ensiklopedik asarlar, turli bibliografik nashrlarni chop etish oʻquvchilarga, xususan imkoniyati cheklangan insonlarga qulaylik yaratadi.
Taʼlim jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, oʻquvchilarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishning tashkiliy-pedagogik jihatlarini takomillashtirish yurtimiz innovatsion rivojlanishi boʻyicha olib borilayotgan islohotlarga turtki boʻladi.