O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buyuk Britaniyada Navroʻz bayramiga bagʻishlangan xalqaro festival oʻtkazildi hamda Oʻzbekiston turizm salohiyati namoyish etildi
2019-03-25 | Turizm
Joriy yilning 24-mart kuni London shahrida “X Markaziy Osiyo anʼanaviy bahor festivali” oʻtkazildi. Unda 3 mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Jumladan, Eron, Ozarbayjon va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari, Britaniya ommaviy axborot vositalari, diplomatik vakolatxona vakillari, London universiteti oʻquvchilari hamda oʻzbekistonlik vatandoshlar ishtirok etishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi koʻmagida, mamlakatimiz turizm salohiyati, jumladan, milliy oshxona va madaniyatimizni namoyish etuvchi stend namoyish etildi. Tadbir ishtirokchilari va mehmonlarga Oʻzbekiston haqida kerakli maʼlumotlar beruvchi targʻibot materiallari tarqatildi.
Festival doirasida, Buyuk Britaniyada taʼlim olayotgan oʻzbek talabalari tomonidan, Amir Temurning teatrlashtirilgan sahna koʻrinishi tashkil etildi.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakili S. Umarova, oʻz chiqishida tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning turizm imkoniyatlari, turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Oʻzbekistonda viza tizimining soddalashtirilganligi haqida maʼlumot berdi.
Festival Markaziy Osiyo xalqlarini birlashtirib, tadbir ishtirokchilariga mamlakatlarning tarixi, milliy oshxonasi, urf-odatlari va boy madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Shuningdek, festival yakunida oʻzbekistonlik vatandoshlar bilan uchrashuv oʻtkazildi, unda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakili vatandoshlarni Buyuk Britaniyadan Oʻzbekistonga sayyohlarni jalb qilishda hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi hamda Qoʻmita vatandoshlar bilan muloqot qilishga doimo tayyor ekanligini taʼkidladi.
Britaniyalik sayyohlarni Oʻzbekistonga jalb qilish uchun mamlakatimiz turizm salohiyatini ommalashtirish juda muhim hisoblanadi. Bu kabi turli madaniy tadbirlar mamlakatni tanitish va Oʻzbekistonning milliy turizm brendini ilgari surishga xizmat qiladi.