O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti vakillari Xunan universitetiga tashrif buyurishdi
2019-03-25 | Turizm
2019-yilning 21-mart kuni, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti vakillari Xitoy Xalq Respublikasining Chanshi shahrida joylashgan yirik oliygohlar vakillari bilan uchrashishdi.
Uchrashuvda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universitetining oʻquv va tarbiyaviy ishlar boʻyicha prorektori professor B.X.Turayev, Xunan universiteti rektori Djiya Djianxui, Boshqaruv instituti rektori Ma Chaokun va xalqaro boshqaruv boshligʻi Xiye Djun, BMT qoshidagi “Dengix Ipak yoʻli” tashkiloti rahbari Vu Djianbo va uning oʻrinbosari Li Djing hamda Xunan tijorat universiteti rektori Pan Jian xonim va universitet prorektori Djingjun Lilar ishtirok etishdi.
Mazkur uchrashuvlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2019-yil 11-yanvar kuni Samarqand shahriga tashrifi davomida xitoylik hamkasblardan zamonaviy oʻquv-amaliy laboratoriyalarini tashkil etishni oʻrganish boʻyicha qoʻygan vazifalarining amaldagi natijasidir.
Bundan tashqari, uchrashuv davomida oʻzaro hamkorlikda “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti talabalari va professor-oʻqituvchilari uchun xalqaro formatdagi malaka oshirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish, ilmiy simpoziumlar, xalqaro ilmiy anjumanlar hamda hamkorlikdagi ilmiy loyihalar tashkil etish masalalari boʻyicha kelishib olishdi.
Shuni qayd etib oʻtish joizki, hozirgi kunda Xunan universitetida tahsil olayotgan 2 000 ta bakalavr-talaba va 4 000 ta magistr talabalar qatorida 60 nafar xorijiy talaba tahsil olayotgan boʻlib, ulardan 11 tasi Oʻzbekistonlik talabalardir. Universitet Xitoy Xalq Respublikasining Xunan viloyati maʼmuriy markazi Chanshi shahrida joylashgan boʻlib, XXRning qadimiy taʼlim dargohlaridan biridir. Aytish joizki, bu universitetda jahonning 20 ta turli davlatlarining 70 dan ortiq universitetlari bilan ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan 30 fakultet faoliyat yuritadi.