O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Samarqandda “Qizlarjon” sammiti oʻz ishini boshladi
2019-03-25 | Jamiyat
Joriy yilning 23-mart kuni Samarqand shahrida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida “Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti oʻz ishini boshladi.
26-martga qadar davom etadigan sammit Xalq taʼlimi vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Samarqand viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi.
Sammit ishida mamlakatimizning barcha hududlaridan 14-18 yoshdagi jami 140 nafar qizlar ishtirok etmoqda.
Mazkur tadbir ishtirokchilari “Qizlarjon” klubi koordinatorlari, xalqaro va respublika fan olimpiadalari gʻoliblari, hunarmandlik, AKT sohasi bilan shugʻullanayotgan oʻquvchi-qizlar, innovatsion gʻoyalar mualliflari, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, yoshlar ittifoqi sardorlari hamda profilaktik hisobdagi tarbiyasi yaxshilanayotgan qizlardan iborat.
Tadbirning tantanali ochilish marosimidan soʻng ishtirokchilar jamoani shakllantirish va jamoa boʻlib ishlash koʻnikmalari, oʻziga boʻlgan ishonchni oshirish boʻyicha psixologik treningda oʻz bilimlarini oshirdi.
Keyin esa AQSHlik trener Laura Vulfning “Hayotda oʻz oʻrniga ega boʻlish va muammolarni yengish” mavzusidagi mahorat darsida qatnashdi.
Kun yakunida qizlar Samarqand viloyati musiqali drama teatriga tashrif buyurdi hamda teatr va kino sanʼati ustalari ishtirokida “Madaniyat va sanʼat sohasida xotin-qizlarning oʻrni va roli” mavzusida davra suhbati va mahorat darsida ishtirok etdi. “Ona yuragi” spektakli namoyishi barchaga manzur boʻldi.
Ishtirokchilar sammit doirasida guruhlarga boʻlingan holda mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan tashkil etilgan psixologik treninglar, mahorat darslari, hunarmand oʻquvchi-qizlar mahsulotlari savdo-yarmarkasida qatnashadi.
“Qizlarjon” oʻquvchi-qizlar sammiti oʻz ishini davom ettirmoqda.