O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi rahbari MOQda qabul qilindi
2019-03-25 | Sport
Joriy yilning 24-mart kuni poytaxtimizda I xalqaro Toshkent yarim marafoni o‘tkazildi. Ushbu nufuzli sport anjumanida jahonning 28 mamlakatidan kelgan sportchilar g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Qolaversa, Toshkent yarim marafoniga Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi prezidenti Daxlan Al-Hamad ham tashrif buyurdi.
Sir emaski, yurtimiz yengil atletikachilari Osiyoda o‘z o‘rniga ega. Xususan, so‘nggi Rio olimpiadasida ham mamlakatimiz delegatsiyasida aynan yengil atletika yo‘nalishida eng ko‘p litsenziya qo‘lga kiritilgan edi.
O‘zbekistonda sport qirolichasi deb atalmish yengil atletikani yanada rivojlantirish hamda xalqaro tashkilot bilan mustahkam aloqalarni o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi (OEAA) prezidenti Daxlan Al-Hamadni qabul qildi.
Muzokara davomida Umid Ahmadjonov O‘zbekistonda yengil atletika sportini yanada rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
“Oxirgi paytlarda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi ham islohotlarga muhtoj bo‘lib qolgandi. Shu maqsadda bundan bir necha oy muqaddam mamlakat yengil atletika federatsiyasi rahbarligiga Andrey Abduvalievni olib keldik. O‘ylaymanki, uning boy tajribasi yurtimizda ushbu sport turini yangi bosqichga olib chiqadi. Maqsadimiz – Tokio-2020 olimpiadasida yengil atletika bo‘yicha maksimal darajada litsenziya olish va musobaqada rekord o‘rnatish”, – deydi Umid Ahmadjonov.
O‘z navbatida OEAA prezidenti Daxlan Al-Hamad janoblari ham yurtimizda olib borilayotgan barcha sohadagi islohotlarga ijobiy fikr bildirib o‘tdi.
“O‘zbekistonni islom va sport mamlakati deb bilaman. Bugun Toshkentda o‘tgan marafonni kuzatib, undagi iliqlik, ishtirokchilardagi sportga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib quvondim. O‘zbekistonlik yengil atletikachilar Osiyoda o‘z o‘rni va mavqeyiga ega. Umid qilamanki, yurtingiz atletlari joriy yilgi jahon chempionati va Tokio olimpiadasida munosib ishtirok etishadi”.
Shuningdek, Umid Ahmadjonov martabali mehmonga O‘zbekiston yengil atletika bo‘yicha qit’a miqyosidagi turli musobaqalar, seminarlar va Kongresslarni yuqori saviyada o‘tkazishga tayyor ekanligini ta’kidlab, joriy yil sentabr oyida o‘tadigan dunyo birinchiligidan so‘ng Samarqand va Buxoroda xalqaro seminarga mezbonlik qilish taklifini ilgari surdi.