O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Moliya vazirligida davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirishga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etildi
2019-03-19 | Iqtisodiyot
Davlat xaridlari tizimini yanada takomillashtirish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
2019-yilning 15-mart sanasida Moliya vazirligida Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida Moliya vazirligi tomonidan jalb etilgan xalqaro darajadagi maslahatchi Piter Trept bilan manfaatdor vazirliklar va idoralarning vakillari (masʼul xodimlari) oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Xalqaro maslahatchi uchrashuv ishtirokchilarini davlat xaridlarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro tajriba bilan tanishtirdi va Oʻzbekiston Respublikasining davlat xaridlari sohasidagi qonunchilik asoslarini takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini taqdim etdi.
Yigʻilishda “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va qonunosti hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish masalalari va davlat xaridlari tizimini rivojlantirish boʻyicha oldinda turgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Bugungi kunda Moliya vazirligi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to'gʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi va davlat xaridlari sohasidagi qonunosti hujjatlariga xalqaro tajribani hisobga olgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida hujjatlar loyihalarini tayyorlamoqda.
Maʼlumot uchun: Piter Trept Buyuk Britaniyada tugʻilgan, mutaxassisligi boʻyicha huquqshunos, davlat xaridlari sohasida fan doktori. Janob Trept dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida koʻp yillik ish tajribasiga ega boʻlgan davlat xaridlari sohasidagi xalqaro ekspert hisoblanadi.