O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi universitetlarni xalqaro reytingga kiritish boʻyicha QS xalqaro reyting agentligi bilan bitim imzoladi
2019-03-25 | Ta’lim
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 25 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reytinglar va indekslardagi oʻrnini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inomjon Majidov va QS (Quacquarelli Symonds) xalqaro reyting agentligining mintaqaviy direktori Zoya Zayseva “Ilm-fan – 2020” milliy rivojlanish dasturi doirasida oliy taʼlim muassasalarining QS boʻyicha xalqaro universitetlar reytingiga kirishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha strategik bitimni imzoladilar.
Kelishuv doirasida Intelligence Unit QS xalqaro reyting agentligining ochiq va ichki maʼlumotlaridan foydalangan holda OTMlarga xalqaro reytingga kirish metodologiyasini ishlab chiqishda yordam beradi, qolaversa universitetlarning global, mintaqaviy va mavzular miqyosidagi natijalarini tahlil qiladi. Ushbu tahlil strategik muvaffaqiyatlar va potensial yutuqlarni belgilash imkonini beradi, shuningdek, asosiy koʻrsatkichlarning kuchli va zaif tomonlarini asoslaydi.
Jahonning eng yaxshi universitetlari reytingi (QS World University Rankings) - bu taʼlim va ilm-fan sohasida erishilgan yutuqlar nuqtai nazaridan dunyo miqyosidagi eng yaxshi universitetlar reytingini aniqlovchi global tadqiqotdir. Reyting ingliz konsalting kompaniyasi Quacquarelli Symonds (QS) metodologiyasiga muvofiq tuziladi va u jahonning eng nufuzli global reytinglaridan biri hisoblanadi.
Xalqaro reytinglarga kirgan universitetlarning ilmiy salohiyati Skopusning ilmiy maʼlumotlar bazasidan foydalangan holda dunyoning yetakchi reyting agentliklari tomonidan baholanadi.