O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oilaviy mehmon uylari soni oshmoqda
2019-03-20 | Turizm
Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda Oilaviy mehmon uylari soni 137 ga yetib, ulardagi joylar soni 1128 ni tashkil etmoqda. Oilaviy mehmon uylari tashkil etilgan hududlar orasida Samarqand viloyati yetakchi boʻlib 25 ta, Qashqadaryo viloyatida 22 ta, Toshkent viloyatida 22 ta, Buxoro viloyatida 16 ta, Surxondaryo viloyati 11 ta, Toshkent shahrida 10 ta, Xorazm viloyatida 8 ta, Jizzax viloyatida 8 ta, Navoiy viloyatida 6 ta, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 5 ta, Fargʻona viloyatida 3 ta, Andijon viloyatida 1 tani tashkil etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 7 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 631-sonli qarori kuchga kirgandan soʻng qisqa muddat ichida hududlarda 100 dan ortiq oilaviy mehmon uylari ochilgan. Turizm sohasidagi joylashtirish vositalarining ushbu turi 2018 yilning oʻzida 4000 mingdan ortiq xorijiy davlat fuqarolarini qabul qilgan.
Qarorning umumiy mazmuni hududlarimizning turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, dam olish va turizm uchun shart-sharoitlarni yaxshilash, shuningdek, turizm xizmatlari koʻrsatish sohasida yangi ish oʻrinlarini tashkil etish hamda aholining bandligi va farovonligini oshirishdan iborat.
Mehmon uyida uy egasining oila aʼzolari bilan birga yashash tamoyili bilan bir vaqtning oʻzida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (sayyohlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish boʻyicha xizmatlar koʻrsatuvchi xususiy uy-joy hisoblanishini maʼlumot sifatida eslatib oʻtish joiz.
Mehmon uylari loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad mamlakatimizga xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurayotgan sayyohlarga milliy anʼanalarimizni koʻrsatib berish, turizm mavsumida joylashtirish vositalarining turlarini koʻpaytirish, sohaga mahalliy tadbirkorlarni jalb etish, turizm sohasida oilaviy biznesni qoʻllab quvvatlashdan iborat.