O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Butunjahon suv kuni munosabati bilan “Oʻzbekistonda suv resurslari va ulardan foydalanishning dolzarb masalalari” mavzusida anjuman oʻtkazildi
2019-03-20 | Jamiyat
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 22-mart – Butunjahon suv kuni munosabati bilan “Oʻzbekistonda suv resurslari va ulardan foydalanishning dolzarb masalalari” mavzusida anjuman oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda BMTning Taraqqiyot dasturi, Osiyo taraqqiyot banki, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining mamlakatimizdagi filiali, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi vakillari, soha mutaxassislari va olimlar ishtirok etdi.
BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1992-yilda Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida oʻtkazilgan anjumanida ona sayyoramizda suv resurslaridan foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratilib, butun jahonda suv resurslari kunini nishonlash gʻoyasi ilgari surilgan edi. 1993-yil 22-fevralda mazkur tashkilotning rezolyutsiyasi qabul qilinib, 22-mart – Butunjahon suv kuni, deb eʼlon qilindi.
Taʼkidlash joizki, ushbu muhim sanani har yili insoniyat hayot kechirishi uchun zarur boʻlgan suvni muhofaza qilishga qaratilgan har xil shiorlar ostida oʻtkazish anʼanaga aylangan. Masalan, ushbu bayram turli yillar davomida “Suv resurslari XXI asr uchun”, “Suv va barqaror rivojlanish”, “Tabiat va suv” kabi shiorlar ostida oʻtkazilgan. Joriy yilgi bayramning mavzusi esa “Suv muammosi – jamiyat muammosidir. Uning yechimi hech kimning nazaridan chetda qolmasligi kerak” deb nomlangan.
– Respublikamizda foydalaniladigan suv resurslarining 80 foizdan ortigʻi qoʻshni mamlakatlar hududi orqali kirib keladi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi yetakchi mutaxassisi Isomiddin Akromov. – Shu jihatdan olib qaraganda, Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng koʻp aholi istiqomat qiladigan Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi koʻp jihatdan, boshqa mintaqalarda boʻlgani kabi tabiiy resurslarga, xususan, suvga bogʻliq. Qolaversa, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari, jumladan, agrar sohaning rivojlanishini ham suv resurslarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ayni paytda joylarda sugʻorishning innovatsion texnologiyalaridan foydalanish tizimiga oʻtilmoqda. Respublikamizda 43 ming gektar yer maydoni tomchilatib sugʻorilayotgan boʻlib, 2025-yilgacha bu raqam 200 ming gektarga yetkaziladi.
Soha olimlari suv resurslaridan oqilona foydalanish, kadrlar tayyorlash tizimini yaxshilash, suv resurslarini boshqarishda innovatsion usullarni joriy etish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yanada kengaytirish zarurligi xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.