O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda qishloq xoʻjaligida kooperativlar joriy etish boʻyicha seminar boʻlib oʻtmoqda
2019-03-20 | Iqtisodiyot
18-mart kuni Toshkent davlat agrar universitetida “Qishloq xoʻjaligida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish” mavzusida seminar-trening boshlandi.
Uch kunlik dastur doirasida “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xoʻjaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ №4239 Prezident Qarori munosabati bilan tuman hokimliklarining rahbarlari va fermer xoʻjaliklari vakillariga kooperativ birlashish asosida qishloq xoʻjaligi subyektlarini boshqarishning afzalliklari toʻgʻrisida xabardorlikni oshirishga qaratilgan bir qator trening va seminarlar tashkil etiladi.
Seminar davomida manfaatdor fermerlar, tuman hokimlari va ularning qishloq xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosarlari ishtirokida fermer xoʻjaliklari oʻrtasidagi kooperativ munosabatlarga oʻtish zarurligini belgilovchi omillar, kooperativlarni tashkil etish jarayoni va xorijiy tajriba asosida boshqaruv modellarini koʻllash kabi mavzular bilan tanishadilar. Oʻquv jarayoni Prezident Administratsiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Toshkent davlat agrar universiteti vakillari tomonidan olib boriladi.
Tashkilotchilar taʼkidlaganidek, ushbu seminar ishtirokchilari orqali tumanlarda sohaga oid axborot va koʻnikmalarni yanada ommalashtirish uchun boshlangʻich bosqich boʻlib xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan ushbu qarorning mohiyati va ahamiyatini aks ettiruvchi sharh chop etilgan edi.