O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Jizzaxda yigitlarni muddatli harbiy xizmatga kuzatish tadbirida qatnashdi
2019-03-20 | Jamiyat
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Jizzaxda harbiy xizmatga chaqirilganlarni muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatish tadbirida ishtirok etdi.
Jizzax viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yigʻin punktida chaqiriluvchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga muddatli harbiy xizmatga kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Majidov, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar hamda viloyat faollari ishtirok etdi.
Uchrashuvda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Majidov harbiy xizmatni oʻtagan yoshlarga oliy taʼlim muassasalariga kirishda beriladigan imtiyozlar, shuningdek, harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishdagi imkoniyatlarga toʻxtalib oʻtdi.
Vazir harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni jamiyatimizda kechayotgan oʻzgarishlarga mos ravishda modernizatsiya qilinayotgan oliy taʼlim olish imkoniyatidan albatta foydalanishga chaqirib, xalqaro standartlar asosida zamonaviy mutaxassisliklarni egallashlarida, jumladan harbiy kasb sirlarini qunt bilan chuqur oʻrganishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.
Inom Majidov Jizzax shahridagi harbiy qismga ham tashrif buyurib, bu yerda harbiy xizmatchilarning yashashi, bilim olishi, jismonan chiniqishlari hamda jangovar texnika bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirishi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.