O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi - 2019” respublika tanloviga start berildi
2019-03-19 | Ta’lim
Xalq taʼlimi vazirligi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻqituvchilari oʻrtasida anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan “Yilning eng yaxshi fan oʻqituvchisi - 2019” respublika tanloviga start berildi.
Tanlov uch bosqichda tuman (shahar), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyatlar va respublika miqyosida boʻlib oʻtadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun aniq talablar belgilangan. Mazkur tanlovda umumiy oʻrta taʼlim maktablarida dars berayotgan oliy maʼlumotli, kamida 3 (uch) yillik pedagogik stajga, ikkinchi va undan yuqori malaka toifasiga ega boʻlgan oʻqituvchilar ishtirok etishlari mumkin. Har bir oʻqituvchi faqat bitta fandan qatnashish huquqiga ega.
Taʼkidlash joizki, joriy yildan tanlovning shaffofligini taʼminlash hamda keng ommani jarayonga jalb etish maqsadida tanlovga oʻzgartirishlar kiritildi. Yaʼni, ishtirokchilar joriy yilning 18 martidan to 5 apreliga qadar onlayn shaklda roʻyxatdan oʻtishlari lozim.
Tanlovda ishtirok etishni xohlovchi oʻqituvchilar http://bit.ly/teacher-of-year havolasi orqali roʻyxatdan oʻtishi kerak.
Eʼtiborlisi, pedagoglarga yanada qulaylik yaratish maqsadida tanlov shartlariga qator yangiliklar joriy etildi. Jumladan, joriy yilda hakamlar hayʼati tarkibi aʼzolari barcha hududlardan teng miqdorda olinadi. Ishtirokchilar hujjatlari soni 10 tadan 5 taga qisqartirilgan. Bundan tashqari, tanlov shartlari 5 tadan 3 taga qisqartirildi.
Tanlovning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-oʻrinni egallagan gʻoliblar mos ravishda eng kam ish haqining 15, 12, 8 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, tanlovda ishtirok etishni istagan oʻqituvchi Facebook ijtimoiy tarmogʻida shaxsiy sahifasi (akkaunti)ga ega boʻlishi lozim. Ishtirokchining Facebook akkaunti omma uchun ochiq boʻlishi va faoliyatini oʻz akkaunti orqali #yiloqituvchisi2019 va #yiloʻqituvchisi2019 xeshteglaridan foydalangan holda muntazam yoritib borishi talab etiladi. Ushbu yangilik keng ommani oʻqituvchilar faoliyati bilan tanishtirib borish maqsadida tanlov shartlariga kiritildi.
Joriy yilda tanlovning respublika bosqichida ishtirok etayotgan oʻqituvchilarga keng ommaning ham ovoz berishiga imkon beriladi. Ovoz berish jarayoni Xalq taʼlimi vazirligining Facebookdagi (http://www.facebook.com/uzedu) rasmiy sahifasida tashkil etiladi. Ovoz berish natijasiga koʻra oʻqituvchilar maʼlum bir ballarga ega boʻladi.
Hurmatli pedagoglar! Tanlovda ishtirok eting va eng yaxshi oʻqituvchi ekanligingizni iqtidoringiz hamda mahoratingiz orqali namoyon qiling.