O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi (PEMPAL) muhokamasi boshlandi
2019-03-19 | Iqtisodiyot
– Ishchi guruhimiz davlat budjetini boshqarish, uni shaffofligini ta’minlash va bu jarayonda aholi ishtirokini ko‘rib chiqmoqda, – deydi Budjet hamjamiyatining ijro qo‘mitasi raisi Anna Belenchuk. – Bu borada qator mamlakatlarning amaliyoti muhokama qilinmoqda. Ayni yo‘nalishda yurtingizda amalga oshirilayotgan, o‘ziga xos yondashuvni o‘rganish juda qiziq. Bu yig‘ilish o‘ziga xos tajriba o‘rganish va fikr almashishda qo‘l keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Jahon banki hamkorligida tashkil etilgan Davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi (PEMPAL) doirasida Budjet hamjamiyatining navbatdagi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Yevropa mintaqasi va Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha xalqaro hamkorlik ta’lim dasturi ya’ni PEMPAL 2006 yildan buyon amalga oshirilmoqda. Unga yigirmata mamlakat a’zo bo‘lib, O‘zbekiston yigirma birinchi davlat sifatida dastur doirasidagi tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda.
Qayd etish joizki, ushbu dastur ilg‘or xalqaro amaliyotni o‘rganish, xorijlik ekspertlar bilan o‘zaro fikr almashish bo‘yicha tajriba maydoni hisoblanadi. PEMPAL sohada vujudga keladigan masalalarni muhokama qilish uchun muntazam ravishda yig‘iladigan uch yo‘nalishdagi - budjet, g‘aznachilik va ichki audit hamjamiyatlaridan tarkib topgan. Ular o‘zlarini yillik ish rejalarini tasdiqlagan holda yalpi yig‘ilishlarini o‘tkazib boradi.
– Bizda davlat moliyasini boshqarish bo‘yicha budjet ma’lumotlarining ochiqligi, tizimning shaffofligi ta’minlanmoqda, – deydi moliya vazirligi vakili Shohrux Eshonqulov. – Bu jarayondagi fuqarolar ishtirokiga yo‘naltirilgan taqdimotlar juda muhim. Bu borada rivojlangan mamlakatlar ekspertlari bilan fikr almashish hamda ushbu sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, 2012-2017 yillarda PEMPAL ta’lim dasturi doirasida islohotlar muhokamasi masalasi yuzasidan 130 dan ortiq mavzuda seminar va majlislar tashkil etildi. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston vakillari ham faol ishtirok etgan edi. Ulardan biri - “Ichki audit” hamjamiyatining yalpi majlisi 2017 yilning oktabrida Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.
Yig‘ilishda Xorvatiya va Rossiya Federatsiyasi davlatlari vakillari bilan bir qatorda mamlakatimizning davlat moliyasi sohasidagi yetakchi mutaxassislari ham o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etmoqda.
Budjet jarayonlari va ularda keng jamoatchilikning ishtiroki xususidagi seminar va taqdimotlarni o‘z ichiga olgan majlis 22 martga qadar davom etadi.
Sayyora Shoeva, O‘zA