O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tojikiston Respublikasi turizm qoʻmitasi delegatsiyasi Samarqandda
2019-03-19 | Turizm
Joriy yilning 15-17-mart kunlari Tojikiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi delegatsiya aʼzolari (16 nafar) Samarqand shahriga tashrif buyurishdi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad ikki davlat oʻrtasida turizm sohasini bosqichma-bosqich rivojlantirish yuzasidan tajriba almashish hamda Samarqand viloyatida turizm sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hisoblanadi.
Mehmonlarga Samarqandning turizm salohiyati, Respublikada sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi qabul qilingan qarorlar hamda ularning maqsadi va mohiyati, gidlarni sertifikatsiyadan oʻtkazish faoliyati, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha prezentatsiyalar qilindi.
Prezentatsiya soʻngida mehmonlarga Turizmni rivojlantirish departamenti tomonidan viloyatning turizm salohiyatini aks ettiruvchi esdalik sovgʻalari topshirildi.
Shu bilan birga, tashrif davomida mehmonlar shahrimizning diqqatga sazovor maskanlari, jumladan: dastlab Hazrati Xizr majmuasi, Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov maqbarasi, soʻngra, Amir Temur maqbarasi, Registon ansambli hamda Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Imom al-Buxoriy majmuasini ziyorat qilishdi. Delegatsiya tashrifi davom etmoqda.