O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turkiya ishbilarmonlari Namanganda
2019-03-19 | Iqtisodiyot
Turkiyaning “Kanimed Alles Saglik Cozumleri A.S” kompaniyasi bosh direktori Filiz Erdoʻgʻon boshchiligidagi delegatsiya tashrif bilan Namangan viloyatiga keldi.
Viloyat hokimligida tashkil etilgan uchrashuvda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov mehmonlarni qutlar ekan, oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy, madaniy sohalardagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi pogʻonaga olib chiqqanini taʼkidladi.
– Tili, dini, tarixi va madaniyati bir qardosh oʻzbek va turk xalqlari bugun biznes sohasidagi sheriklikda ham natijalarga erishmoqda, – dedi X.Bozorov. – Birgina misol. Oʻtgan yili Turkiya kompaniyalari ishtirokida 400 million AQSH dollariga teng kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuvda sogʻliqni saqlash, xususan, tashxis va davolash boʻyicha ilgʻor tajribaga ega turkiyalik mutaxassislar bilan tajriba almashinuvlarni doimiy asosda yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya kiritish, qoʻshma loyiha va istiqbolli dasturlarni amalga oshirish boʻyicha fikr almashildi.
Filiz Erdoʻgʻonning qayd etishicha, “Kanimed Alles Saglik Cozumleri A.S” kompaniyasi Termiz shahrida 1 million AQSH dollaridan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Bu mablagʻlar laboratoriya-diagnostika markazini barpo etishdek xayrli ishga sarflanadi. Bu boradagi ishlar Namangan viloyatida ham davom ettiriladi. Viloyatda aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun mavjud imkoniyatlarni oshirish ishlariga 2 million dollardan ziyod mablagʻ yoʻnaltiriladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida Uchqoʻrgʻon tumanida zamonaviy Gemodializ va diagnostika laboratoriyasi markazi tashkil etish boʻyicha taklifni ilgari surgan edi. Muloqotda ushbu maqsadlardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Mehmonlar Uchqoʻrgʻon tumanida boʻlib, Gemodializ va diagnostika laboratoriyasi markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq oʻrganishlar olib bordi.
Akromjon SATTOROV, H.MAMADALIYEV (surat), OʻzA