O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vashington shahrida savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2019-03-19 | Iqtisodiyot
2019-yilning 13-mart kuni Vashington shahrida AQSh biznes hamjamiyati vakillari uchun brifing boʻlib oʻtdi. Unda kompaniyalar, nohukumat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, AQSh Savdo vazirligi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekistonning AQShdagi Elchisi Javlon Vaxabov, Amerika-Oʻzbekiston savdo palatasi (AOʻSP) raisi Kerolin Lemm, shuningdek, taniqli mutaxassislar Frederik Starr, Svante Kornell va Mamuka Siratelli nutq soʻzladilar.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston iqtisodiyotining soʻnggi yutuqlarini, jumladan, London fond birjasida yevrobondlar joylashtirilishi, Moodyʼs, Fitch va S&P kabi yetakchi kredit agentliklari reytinglari olinishi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tasnifi boʻyicha mamlakat mavqeyini oshirish, 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya loyihasida koʻzda tutilgan investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlashga doir islohotlarni muhokama qildilar.
Professor Frederik Starr Oʻzbekistondagi siyosiy islohotlar, respublikada ommaviy axborot vositalari va xalq qabulxonalari tarmogʻi orqali jamoatchilik nazorati mexanizmlari shakllanish jarayoni, shuningdek, mamlakat hayotida parlament va siyosiy partiyalar rolining mustahkamlanishi toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Mashhur amerikalik ekspert Svante Kornell oʻz maʼruzasida Oʻzbekistondagi islohotlar butun mintaqadagi oʻzgarishlarning katalizatori boʻlganligi haqida maʼlumot berdi. Uning nutqida Markaziy Osiyoda doʻstlik va oʻzaro tushunish munosabatlarini mustahkamlashga hissa qoʻshgan Toshkent tashabbuslarining ahamiyati alohida qayd etildi.
AQSh ishbilarmon doiralari vakillarida Mamuka Siratellining Oʻzbekistonda iqtisodiy sohadagi islohotlarga bagʻishlangan nutqi alohida qiziqish uygʻotdi. Mutaxassis AQSh kompaniyalariga mamlakatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi. U respublikada soʻngi yillarda tijorat banklarining xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligi sezilarli kengaygani; mamlakatda Jahon savdo tashkilotiga kirishga qaratilgan islohotlar; xorijiy investorlar bilan faol hamkorlikni kengaytirish orqali ishsizlik darajasini pasaytirish boʻyicha qabul qilingan chora-tadbirlar kabi ijobiy omillarni Oʻzbekiston bozoriga kirishni istagan kompaniyalar inobatga olishi zarurligini qayd etdi.
Brifing yakunida AOʻSP raisi Karolin Lemm bilan joriy yilning oktabr oyida Vashington shahrida qishloq xoʻjaligi, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, yuqori texnologiyalar, tibbiyot, transport va boshqa sohalardagi yetakchi AQSh kompaniyalar ishtirokida Oʻzbekiston-AQSh biznes forumini oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Professor Frederik Starr bilan AQShda Oʻzbekistondagi islohotlar va oʻzgarishlarga bagʻishlangan brifinglarni tashkil etish amaliyotini davom ettirish, xususan, bunday tadbirlardan birini AQSh Kongressi aʼzolari uchun Kapitoliy tepaligida oʻtkazish toʻgʻrisida kelishib olindi.
AQSh Savdo vazirligi vakillari bilan suhbatda iyun oyida Oʻzbekistonga AQSh kompaniyalarining savdo missiyasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. AQSh kompaniyalari vakillari Oʻzbekiston bozorida oʻzlarining ishtirokini kengaytirish niyatida ekanliklarini, yetakchi xalqaro banklar vakillari esa bu intilishlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini izhor etdilar.