O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Chorvachilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-03-19 | Hujjatlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Chorvachilik tarmogʻini jadal rivojlantirish xalqimizni arzon va sifatli goʻsht va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, ayniqsa, qishloq joylarida istiqomat qilayotgan fuqarolarning bandligini oshirish va daromadlarini koʻpaytirishda muhim oʻrin tutadi.

Shu bilan birga, hududlardagi ishlarning hozirgi holati mazkur tarmoq korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ozuqa bazasini koʻpaytirish, naslchilikni yaxshilash, shu jumladan, sunʼiy urugʻlantirishni rivojlantirish va naslchilik xoʻjaliklarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida aniq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

Xalqimizning chorvachilikni rivojlantirish borasidagi tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ushbu tarmoqda ilmiy yondashuvlar va ilgʻor zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, import oʻrnini bosuvchi va eksportbop chorva mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yanada ragʻbatlantirish, pirovardida aholi farovonligini yuksaltirish va daromadlarini koʻpaytirish maqsadida:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini chorvachilik fermer xoʻjaliklari va boshqa qishloq xoʻjaligi korxonalariga(keyingi oʻrinlarda – ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar deb yuritiladi) ozuqabop ekinlar yetishtirish, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish majburiyatlari bilan 1-ilovaga muvofiq ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq ajratiladigan lalmi va yaylov yer uchastkalarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish uchun ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibi oʻrnatilsin:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga mazkur yer uchastkalarida sugʻorish tik quduqlarini burgʻulashga har bir metr chuqurligi uchun 100 ming soʻmdan subsidiya beriladi.

Bunda subsidiya xarajatlari 2019 yilda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan, 2020 yildan boshlab esa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlarning kreditlari (qarzlari) va grantlari hisobidan qoplanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarga tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun 5 yilgacha muddatga ajratiladigan kreditlarning valyuta turidan qatʼiy nazar bir gektarga ekvivalenti 20 million soʻmdan oshmaydigan qismi boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 50 foizi miqdorida, biroq kredit stavkasining 10 foizlik punktidan oshmagan miqdorda qoplanadi.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda 1-ilovaga muvofiq ajratilayotgan yer uchastkalarida yer osti suv chiqarish uchun sugʻorish tik quduqlari burgʻulash joylarini aniqlab, ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarni xabardor qilsin.

4. Sugʻorish tik quduqlarini burgʻulash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi mazkur quduqlarni burgʻulash loyihalariga ekologik ekspertiza xulosalari hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi gidrogeologik xulosalar berilishini taʼminlasin.

5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar tomonidan lalmi va yaylov yerlar oʻzlashtirilgan taqdirda, ulargachorva mollarini saqlash (fermalar), shu jumladan, energiya manbalari uskunalarini oʻrnatish va ularni kelgusida ekspluatatsiya qilish hamda boshqa turdagi infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkalarini, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri tuman hokimlarining qarorlari asosida ajratib berilishini taʼminlasin.

6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 martdagi “Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–4231–son qarori ijrosini tashkil etish jarayonida “Oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari”ning tavsiyasiga asosan:

chorvachilik bilan shugʻullanish istagida boʻlgan fuqarolarga ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun har bir shartli bosh chorva mol uchun 0,5 gektardan tuman hokimliklari zaxirasidagi lalmi va yaylov yer uchastkalarini 2 yil muddatda haqiqiy daromad manbaiga aylantirish sharti bilan doimiy yoki uzoq muddatli ijaraga bersin;

mazkur fuqarolarga ushbu bandda koʻrsatilgan tartibda ajratilgan 
yer uchastkalarida tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish hamda naslli chorva moli sotib olish uchun “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam koʻrsatsin.

7. Quyidagilar:

2019-2021 yillarda ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidanozuqabop ekinlarning birlamchi urugʻlarini yetishtirish prognoz hajmlari 2-ilovaga muvofiq;

Xoʻjaliklarning asosiy maydonlarida choʻl-yaylov ozuqabop ekinlar urugʻlarini ekin turlari va navlari boʻyicha 2019 yilda joylashtirish rejasi 3-ilovaga muvofiq;

Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutida choʻl-yaylov ozuqabop ekinlarining birlamchi urugʻlik maydonlarini barpo etish uchun xarid qilinishi zarur boʻlgan moddiy-texnika vositalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

ozuqabop ekinlar urugʻlarini yetishtiruvchi xoʻjaliklarning yer maydoni hajmlari 5-ilovagamuvofiq tasdiqlansin.

8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklariga:

bir oy muddatda har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda ozuqabop ekinlar urugʻlariga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda xoʻjaliklarda urugʻlik yetishtirish maydonlari ajratilishini;

ozuqabop ekinlar urugʻlarini optimal muddatlarda ekish, parvarish qilish, urugʻ hosilini uyushqoqlik bilan oʻrib-yigʻib olish tadbirlarining oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda ozuqabop ekinlar urugʻlarini yetishtiruvchi rivojlangan mamlakatlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot muassasalari va xoʻjaliklar mutaxassislari malakasi doimiy ravishda oshirib borilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

xoʻjaliklarga sertifikatlangan yuqori sifatli ozuqabop ekinlarning birlamchi urugʻlarini yetkazib berishni;

ozuqabop ekinlarning yangi navlari va duragaylarini yaratish, ularning agrotexnologiyalarini takomillashtirish, birlamchi urugʻchilik ishlarini olib borish, superelita va elita urugʻlarini yetishtirish, yer tarkibini yaxshilovchi kuchsiz va oʻrta darajada shoʻrlangan tuproq sharoitlariga mos yuqori oqsilli va noanʼanaviy (oq lyupin, payza va boshqalar) ozuqabop ekinlarni iqlimlashtirish, seleksiya va urugʻchilik ishlarini olib borish hamda mahalliy sermahsul chorva mollari liniyalari va tiplarini yaratishga qaratilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar tanlovlarini doimiy ravishda tashkil etishni taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat veterinariya qoʻmitasining sunʼiy urugʻlantirish boʻyicha mavjud tizimni saqlagan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligi tarkibidagi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan eksperiment tariqasida 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi barcha toifa xoʻjaliklarda naslchilik, shu jumladan, sunʼiy urugʻlantirish va servis xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

11. “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan aholi, fermer, dehqon va shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar qaramogʻidagi sigirlarni sunʼiy urugʻlantirishni tashkil etish boʻyicha eksperimentni qoʻllab-quvvatlash va ushbu ishlarning tizimli davom ettirilishini taʼminlash maqsadida:

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan 2019 yilda Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida sigirlarni sunʼiy urugʻlantirishni tashkil etish maqsadida 6-ilovaga muvofiq talab etiladigan moddiy-texnika vositalari bilan bir marta taʼminlash uchun kerakli mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetining qoʻshimcha manbalari va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasiga byudjet mablagʻlari va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan olib berilgan moddiy-texnika vositalarining maqsadli ishlatilishi hamda ushbu vositalardan foydalanish orqali olingan mablagʻlar hisobidan ularni doimiy yangilab borish va uning faoliyati kengaytirib borilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Davlat veterinariya qoʻmitasi “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi bilan birgalikda:

6-ilovada keltirilgan moddiy-texnika vositalarining samarali va maqsadli ishlatilishini;

sunʼiy urugʻlantirilgan sigirlarning hamda ulardan olingan buzoqlarning elektron hisobi yuritilishini;

Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasining filiallari tashkil etilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2019 yilda “OʻZNASLCHILIK” davlat korxonasi tomonidan Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida oʻtkaziladigan eksperiment natijasidan kelib chiqib, ushbu tajribani keyingi yillarda respublikaning barcha hududlarida joriy etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Fanlar akademiyasi 
bilan birgalikda 2020 yilda Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida chorva mollari genetikasini tahlil qilish uchun zamonaviy genomika laboratoriyasini tashkil etish, zamonaviy kimyo laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash, ozuqabop ekinlar agrotexnologiyalari va birlamchi urugʻchilik ishlarini olib borish uchun moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zarur texnika va agregatlarni xarid qilishga yetarli miqdorda mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

15. Toshkent viloyati hokimligi bir oy muddatda Qibray tumani, “Shalola” MFY hududidan Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot institutiga ozuqabop ekinlarning superelita va elita urugʻlarini yetishtirish uchun 30 gektar sugʻoriladigan yer ajratilishini taʼminlasin.

16. Quyidagilar 2022 yil 1 yanvarga qadar:

ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilar, shuningdek, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish tizimlari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan olib kiriladigan, tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish uchun zarur boʻlgan butlovchi qismlar va xom ashyolar 7-ilovadagi roʻyxatga muvofiq bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin;

asalarichilik subyektlari asalari oilalarini “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida qoʻshni mamlakatlarga koʻchirib chiqarishi natijasida yigʻib olgan tabiiy asalni (TIF TN kodi 0409 00 000 0) respublika hududiga olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etilsin.

Bunda imtiyoz bitta asalari oilasi boʻyicha olib kirilayotgan tabiiy asalning 50 kilogrammdan oshmagan qismiga nisbatan qoʻllaniladi.

17. Asalarichilik subyektlariga bahor-yoz mavsumida asalari oilalarini qoʻshni mamlakatlarga “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimida koʻchirib chiqarishga ruxsat berilsin.

18. Belgilansinki, 2019 yil 1 apreldan boshlab bir kunlik joʻjalarni (TIF TN kodi 0105 11 110 0, 0105 11 190 0, 0105 11 990 0) eksport qilishga ruxsat etiladi.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi bilan birgalikda 10 kun muddatda ozuqabop ekinlar yetishtiruvchilarning sugʻorish tik quduqlarini burgʻulash bilan bogʻliq xarajatlarini qoplab berish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda chorva hayvonlarini soʻyish korxonalari faoliyatini tartibga solish hamda isteʼmol bozoriga goʻsht va goʻsht mahsulotlarini yetkazib berish tizimini takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan, hayvonotga mansub mahsulot va xom ashyolarni ishlab chiqarish, saqlash va sotishga nisbatan veterinariya-sanitariya qoidalari hamda ixtisoslashgan soʻyish korxonalariga nisbatan veterinariya, veterinariya-sanitariya qoida va meʼyorlarini;

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda sanoat usulidagi parrandachilik korxonalari faoliyatini amalga oshirishda zootexnika, zoogigiyena, veterinariya, veterinariya-sanitariya, ekologiya, sanitariya, yongʻin hamda qurilish boʻyicha xavfsizlik talablarini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

22. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi 
Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.J.Vahobov zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 18 mart

Поделиться