O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti eksportni rivojlantirish loyihasini amalga oshiradi
2019-03-17 | Iqtisodiyot
13-mart kuni Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “Ozarbayjon, Tojikiston va Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ayrim turlarini eksport qilishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha milliy strategiyalarni ishlab chiqishda koʻmaklashish” yangi mintaqaviy loyihasi taqdim etildi. Oʻzbekistonda loyiha Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti Oʻzbekiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun muhim daromad manbasidir. Qishloq xoʻjaligi sohasi aholining asosiy daromad manbalaridan biri boʻlib, rivojlangan qishloq xoʻjaligi sektori iqtisodiy va ijtimoiy barqarorlik uchun katta ahamiyatga ega. Qishloq xoʻjaligi sohasi eksport salohiyatining sezilarli darajada oʻsishi 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan. FAO Texnik hamkorlik dasturining yangi loyihasi Hukumatning ayrim qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish boʻyicha milliy strategiyani tayyorlashdagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
“Ushbu loyiha qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ayrim turlarini eksport qilish boʻyicha milliy strategiyani shakllantirishga tizimli yordam beradi, shuningdek, respublikamiz qishloq xoʻjaligi siyosati sohasidagi maqsadlardan biriga erishish uchun birlamchi hissa qoʻshadi, deb umid qilamiz”, – taʼkidlab oʻtdi Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari Shuhrat Teshayev.
Oʻtgan yillar davomida Qishloq xoʻjaligi vazirligi FAO bilan birgalikda organik qishloq xoʻjaligi, oʻsimliklarni himoya qilish, resurslarni tejovchi texnologiyalar yordamida fermerlik va urugʻchilikni rivojlantirish boʻyicha dasturlarni muvaffaqiyatli joriy etdi. “Yangi loyiha Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini tashqi bozorga chiqarishning samarali mexanizmlarini yaratishga xizmat qilishi kerak”, – dedi vazirning birinchi oʻrinbosari.
Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi eksportini kengaytirish uchun yechim topish kerak boʻlgan asosiy masalalar - transport, logistika, saqlash, yuqori sifatli oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashdir.
“Oʻzbekistonning dengizga chiqishi chegaralanganligi tufayli mahsulotlarni boshqa mamlakatlarga yetkazib berish xarajatlari oshadi”, – dedi Markaziy Osiyo FAO Mintaqaviy byurosining katta maslahatchisi doktor Sumitr Broka. – “Yana bir masala - tez ayniydigan mahsulotlarni saqlash va logistika jarayoni uchun zarur boʻlgan sovuq zanjirni rivojlantirishdir”.
“Nihoyat, rivojlangan mintaqa va davlatlar – Gʻarbiy Yevropa, Xitoy, Yaponiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilishda, mahsulot sifati va kelib chiqishiga alohida eʼtibor beradigan yirik supermarket zanjirlari bilan ishlash uchun kuzatish tizimini yaratish kerak”, – dedi u.
Yangi loyiha Hukumat va xususiy sektorni talab darajasida potensial eksport bozorlarini tahlil qilish va ularga kirishni tartibga solish (tarif va notarif toʻsiqlarni bartaraf etish), shuningdek, ishlab chiqarish, taʼminot zanjiri va eksport salohiyatini baholash orqali qishloq xoʻjaligi eksportini oshirish maqsadlariga erishishda qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan. Tahlillar natijalariga koʻra eksportni rivojlantirish boʻyicha milliy strategiya loyihasi ishlab chiqiladi.
Loyihada ikkita tanlangan mahsulot va har biri uchun bir qancha potensial bozorlar koʻrib chiqiladi. Mahsulotlar mamlakat ehtiyojlariga va kichik fermerlarni samarali jalb qilish imkoniyatiga asoslangan holda tanlanadi.
Maʼlumot uchun:
1945-yilda tashkil etilgan FAO tashkiloti bugungi kunda 197 aʼzo davlatni oʻz ichiga oladi va 130 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi. FAOning maqsadi – oziq-ovqat xavfsizligi va aholining yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini isteʼmol qilish imkoniyatini taʼminlashdir.
FAOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi 2014-yilda ochilgan. 2022-yilgacha hamkorlik rejasiga binoan FAO bir necha ustuvor yoʻnalishlarda Oʻzbekiston Hukumatiga, shu jumladan Qishloq xoʻjaligi vazirligi va boshqa davlat tashkilotlariga institutsional va strategik yordam koʻrsatadi. Shuningdek, tashkilot qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, bozorga kirish zanjirlari va barqaror tabiiy resurslarni boshqarish, iqlim oʻzgarishi va bioxilma-xillik sohalarida qoʻllab-quvvatlaydi.