O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
XTV rahbariyati tizim faxriylari bilan davra suhbati oʻtkazdi
2019-03-17 | Ta’lim
Joriy yilning 16-mart kuni Abdulla Avloniy nomidagi xalq taʼlimi rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida “Navroʻz” umumxalq bayrami munosabati bilan Xalq taʼlim vazirligi rahbariyati hamda faxriylar va fidoyilar bilan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Davra suhbatida Xalq taʼlimi vazirligi rahbariyati, sohada uzoq yillar davomida faoliyat olib borgan faxriylar, avvalgi xalq taʼlimi vazirlari hamda qator akademiklar ishtirok etdi.
Tadbirda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov faxriylarni Navroʻz bayrami bilan qutlab, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida xalq taʼlimi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yosh avlodning bilimli boʻlishi va hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, eng avvalo, oʻqituvchilarning jamiyatdagi mavqeyini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Shu bilan bir qatorda pedagoglar maoshining oshirilishi maktablarga erkak oʻqituvchilarning qaytishiga turtki boʻlgani, nafaqadagi oʻqituvchilarga pensiyasining toʻliq miqdorda toʻlanishi esa mahoratli oʻqituvchilar tajribasini yoshlarga oʻrgatishga koʻmak berayotgani haqida alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek, Xalq taʼlimi tizimida, jumladan oʻqituvchi va oʻquvchilarning bilimini baholash boʻyicha xalqaro tizimlar va tadqiqotlar bosqichma-bosqich joriy etilishi hamda iqtidorli bolalarni tarbiyalash uchun Prezident maktablari tashkil etilishi haqida maʼlumot berildi.
Suhbat davomida Akademik Oqil Salimov va boshqa ishtirokchilar xalq taʼlimi tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, maktab taʼlimidagi oʻzgarishlar hamda oʻqituvchilarga berilayotgan eʼtibor va ularning jamiyatdagi mavqeyini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida fikr-mulohazalar bildirdi.
Eʼtiborlisi, 2019-yil davomida “Oʻqituvchi maqomi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi kutilmoqda. Mazkur hujjat oʻqituvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishi bilan birga, ularning ijtimoiy himoyasiga oid masalalarni ham tartibga soladi.
Uchrashuv doirasida xalq taʼlimi tizimida olib borilayotgan islohotlar borasida hamda ularni yanada yuqori darajaga koʻtarish boʻyicha faxriylar oʻz fikr, taklif va mulohazalarini bildirdi.