O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi tuzilgan qoʻmita, bahsga sabab boʻlgan parlament soʻrovi
2019-03-15 | Jamiyat
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasini tashkil qilishga doir masalani koʻrib chiqdilar.
Taʼkidlanganidek, davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga, ertangi istiqbolli kunlarga boʻlgan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavflardan biri korrupsiyadir. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish hamda uning oldini olish borasida aniq choralar koʻrilayotganiga qaramay, ushbu illatni tag-tomiri bilan qoʻporib tashlashning imkoni boʻlmayapti.
Shuni eʼtiborga olgan holda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida bu boradagi ilgʻor xorijiy tajribalar va Konstitutsiyamiz talablari asosida Oliy Majlis palatalarida Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qoʻmitalar tashkil qilishni taklif etgan edi. Ushbu qoʻmitalar barcha boʻgʻindagi davlat idoralarida korrupsiyaga qarshi kurashni yanada kuchaytirishga vakillik organi sifatida munosib hissa qoʻshishi lozimligi qayd etilgan edi.
Davlatimiz rahbarining mazkur topshirigʻidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasini tashkil etishga qaror qilindi.
Ushbu qoʻmita zimmasiga davlat organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki dasturlarni ishlab chiqib, ularni hayotga izchil tatbiq etish jarayoni ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda amaldagi qonun hujjatlarda korrupsiyaga olib keluvchi normalar mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan ularni chuqur tahlil qilish kabi qator vazifalar yuklatilmoqda.
Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqni qoʻllash faoliyatini tizimli ravishda oʻrganib borish, qoʻmita yigʻilishlarida mansabdor shaxslarning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati yuzasidan eshituvlarni oʻtkazish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari, korrupsiya haqidagi boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan parlament aʼzolarini muntazam ravishda xabardor qilib borish kabilar ham ustuvor vazifalar qatorida belgilanmoqda.
— Bugun nafaqat parlamentimiz, balki mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, huquqiy hayotida muhim tarixiy kunlardan biri sifatida tarixga muhrlanadigan boʻldi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova. — Sababi, parlamentimiz quyi palatasida muhim tuzilma — korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yangi qoʻmita tashkil etildi. Darhaqiqat, hozirda mamlakatimizda insonning huquq va manfaatlarini taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirish, umuman, barcha sohadagi islohotlarni roʻyobga chiqarish uchun, birinchi navbatda, taraqqiyot kushandasi hisoblangan korrupsiyaga butkul chek qoʻyish talab etiladi. Shu maʼnoda, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan bir qatorda, parlament darajasida eʼtibor qaratilishi bunday jirkanch illatga murosasiz boʻlishda, taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda muhim ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari bu illatga qarshi kurashish markazi Parlamentda boʻlishi kerak, degan maʼnoda qoʻmita tuzilishini taklif etdilar. Demak, biz — deputatlar bu harakatlar tizimida ibrat boʻlishimiz kerak. Shu maʼnoda, eng diqqatga sazovor ishimiz shundaki, palatada endi har qanday havolaki normalardan xoli boʻlgan, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan qonunlar qabul qilina boshlaydi. Bu esa, turli idoraviy manfaatlar qamrab olingan, korrupsiyaga olib keluvchi hujjatlarga barham berishi aniq.
Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosariga “Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiya qilishning holati hamda ushbu sohada amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi haqidagi masala ham koʻrib chiqildi.
Deputatlarning bahs-munozarasiga sabab boʻlgan ushbu parlament soʻroviga kelgan javobda qayd etilganidek, mamlakatimizda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, sohaga xorijiy va mahalliy investisyalarni faol jalb etish uchun qulay sharoit yaratish, mahalliy dorivor vositalar xomashyosini chuqur qayta ishlash hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qator loyihalar ishlab chiqilib, amalga oshirilmoqda. Jumladan, Harakatlar strategiyasi doirasida tarmoqlar va xoʻjalik birlashmalari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda farmatsevtika sohasida 18 ta yangi loyihani hayottga tatbiq etish belgilangan. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi Farmoniga binoan, “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etildi. Ular tomonidan bir qator diqqatga molik loyihalar amalga oshirilish yoʻlga qoʻyildi.
Biroq, deputatlar taʼkidlaganidek, ayni paytda bu kabi ishlar bilan birga, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator muammolar mavjud. Hududlarda deputatlar tomonidan oʻrganishlar qabul qilingan qonun hujjatlarini, xususan, Prezident farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini sifatli va toʻliq ijro etish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayotganini, rejalashtirilgan ayrim loyihalarni amalga oshirish muddatlari kechikayotganini, masʼul organlar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik yetishmayotganini koʻrsatmoqda. Jumladan, farmatsevtika sohasida erkin iqtisodiy zonalarni barpo etishning tashkiliy-huquqiy masalalarini hal qilishda oqsoqliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Ularning faoliyatini moliyalashtirishda ham aniq manba va mexanizmlar belgilanmagani sababli turli muammolar yuzaga kelmoqda.
Muhokamalar chogʻida deputatlar erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan yer uchastkalarining belgilangan talablarga muvofiqligi, transport, muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish infratuzilmasining toʻliq taʼminlanmasdan qolishining sabab va omillarini ham muhokama etib, tahlil qildilar. Sohadagi mavjud muammolarning yechimiga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan ilgari surilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.