O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Temiryoʻlchilar xalqaro konferensiyada
2019-03-15 | Iqtisodiyot
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati delegatsiyasi Eron Islom Respublikasi poytaxti Texron shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotning dengiz boʻyi davlatlari vakillarining 5-yigʻilishida ishtirok etdi.
Unda Xalqaro dengiz tashkiloti, BMTning Savdo va rivojlanish konferensiyasi, Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Osiyo va Tinch okeani boʻyicha iqtisodiy-ijtimoiy komissiyasi, Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi vakillari hamda qator boshqa mamlakatlar yuk tashish boʻyicha kompaniya va tashkilotlar qatnashdi.
Anjumanda bir qator xalqaro masalalar yuzasidan muzokaralar olib borildi. Jumladan, dengiz transporti sohasidagi hamkorlikning bugungi ahvoli, kemalar qatnovini shakllantirish, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar hududidagi portlardan birgalikda, oqilona foydalanish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, xalqaro tashkilotga aʼzo davlatlar oʻrtasida dengiz va quruqlikda yuk tashish boʻyicha aloqalarni rivojlantirish, tranzit yuklarni tashishda qulayliklar yaratish xususida soʻz yuritildi. Kaspiy dengizi, Ummon va Fors koʻrfazi boʻylab qoʻshimcha transport tizimini tashkil etish va taraqqiy ettirish borasida fikrlar bildirildi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1985-yil tashkil etilgan boʻlib, 1992-yilda Tojikiston, Qirgʻiziston, Afgʻoniston, Turkmaniston, Qozogʻiston davlatlari qatori Oʻzbekiston ham tashkilotning doimiy aʼzosiga aylangan.