O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tashkilotni oʻrganmasdan ayblash qanchalik toʻgʻri?
2019-03-14 | Jamiyat
Oʻzbekiston Milliy matbuot markazi raisi Shavqiddin Gʻaniyev joriy yilning 11-mart kuni davlatimiz vazirlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlariga yoʻllagan murojaatida yurtimizda rivojlantirilib kelinayotgan sohalar, tashkilotlar, muassasa va idoralarda yuz berayotgan oʻzgarishlar hamda yangiliklarni xalqimizga yetkazishda Milliy matbuot markazi bilan hamkorlikda ishlashni taklif etgan, bunga Yevropa davlatlarini (aynan koʻrsatmagan holda) misol qilgan.
Ushbu murojaatda “Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi hamda Samarqand va Surxondaryo viloyatlari hokimligi Milliy matbuot markazi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan, biroq Xalq taʼlimi, madaniyat, tibbiyot, farmatsevtika, yoshlar, maʼnaviyat, matbuot va soʻz erkinligi, ijtimoiy himoya masalalari, uy-joy, qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi, fermerlik harakati, havo va temir yoʻllari, kommunikatsiya, tashqi savdo, import, tadbirkorlik, investitsiya, tashqi mehnat migratsiyasi siyosati va boshqa sohalardagi olamshumul yangiliklar, jamiyatimizda roʻy berayotgan ulkan oʻzgarishlar toʻgʻrisida, hayotimizda amalga oshirilayotgan tub burilishlar haqida toʻlaqonli maʼlumotlar deyarli berilmayapti” deya boshqa davlat idoralari va tashkilotlari bu borada noʻnoq ekanligi iddao qilinadi.
Bundan yaqqol koʻrinib turibdiki, murojaat yozayotgan odam Madaniyat vazirligining ish faoliyatini chuqur tahlil qilmagan holda, vazirlikdagi yangiliklar ommaga havola etilmayapti, deya nooʻrin iddao qilgan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Matbuot xizmati vazirlikning rasmiy veb-sayti, “Telegram”,“Instagram”,“facebook” kabi ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat rahbari hamda hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan soha rivojiga qaratilgan qarorlar, farmoyishlar va bayonlar, ularga monand ishlab chiqilayotgan, har bir yoʻnalishni belgilab beruvchi chora-tadbirlar rejasi va yoʻl xaritalari asosida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan ishlar, tizimda yuz berayotgan yangiliklar, voqealar bilan keng ommani muntazam ravishda xabardor qilib bormoqda.
Misol tariqasida aytib oʻtish joizki, vazirlik Matbuot xizmati 2018-yilning oʻzida 12 marta matbuot anjumani, 2ta brifing, Xalqaro festivallar (Maqom anjumani, “Raqs sehri”, “Boysun bahori”, “Isteʼdod”, “Ipak va ziravorlar”, Belorussiya, Tojikiston, Qirgʻiziston madaniyati kunlari kabi), press-tur, press-kofelar oʻtkazgan.2019 yildan boshlab hozirgi kunga qadar sohadagi yangiliklarni keng yoritish maqsadida besh marta matbuot anjumani, Oʻzbekiston davlat sirki, Toshkent hayvonot bogʻi va Xorazmga press-turlar tashkil etilgan. Bu tadbirlarga mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan OAV(“Oʻzbekiston24”, “Madaniyat va maʼrifat”, “Yoshlar”, “Oilaviy”, “MY5”, “Sevimli”, “Milliy”, “S va Iqbol Xorazm”, “TRT Turkiya”, “Oʻzbekiston” telekanallari, “Kun.uz”,“Daryo.uz”, “Novosti Uzbekistana”, “Podrobno.uz”,OʻzA kabi onlayn nashrlar, bir qator blogerlar, 10dan ortiq gazeta va jurnallar)vakillari taklif qilingan.
Bugun davlatimiz rahbarining oqilona siyosati madaniyat va sanʼat sohasini ham yangi bosqichga olib chiqdi, deya olamiz. Ayni paytda Madaniyat vazirligi oʻz binosiga ega boʻlib, unda ikkita katta anjumanlar zali bor. Yaʼni bu binoda vazirlikning matbuot anjumanlari va tadbirlarini oʻtkazish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan.
Madaniyat vazirligining matbuot kotibi tomonidan tizimda boʻlayotgan oʻzgarishlar, vazir va uning oʻrinbosarlarining xizmat safarlari chogʻida amalga oshirilayotgan ishlar,madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish, uni takomillashtirish, jahonga targʻib etish, investitsiyalarni jalb etish, iqtidorli yoshlarimizni dunyoga tanitish, teatrlar, muzeylar, madaniyat va istirohat bogʻlari, madaniyat markazlari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini yanada rivojlantirish, shu bilan birga, yillar davomida baʼzi madaniy meros obyektlarini konservatsiya va restavratsiya ishlarini tiklash, turizm sohasini rivojlantirish borasida bajarilayotgan barcha ishlar haqida toʻliq maʼlumotlar berib borilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga madaniy hordiq olishlari uchun oʻtkazilayotgan spektakl hamda konsert-tomosha dasturlari, sohaga oid qator qaror va konsepsiyalarning targʻibot-tashviqot ishlari vazirlikning rasmiy http://madaniyat.uz veb-sayti orqali yoritib borilmoqda. Soʻnggi yillarda sohani tubdan isloh qilish yoʻlida erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida koʻplab ishlar qilindi. Albatta, hali oldimizda hal etilishi lozim boʻlgan muammo va kamchiliklar yoʻq emas, vazirlikning maqsadi esa ularning barchasini tez va sifatli amalga oshirishga qaratilgan.
Milliy matbuot markazi rahbarining murojaati qaysidir jihatdan albatta, oʻrinli. Ammo qandaydir ish boshlash, yangilikni amalga tatbiq etishdan oldin uni har tomonlama taroziga qoʻyib koʻrish, masalaning iqtisodiy tomonlarini ham tahlil qilish lozim. Tashkilotlarning ish faoliyatini oʻrganmasdan turib, ularni “layoqatsiz” deb atash esa katta bir tashkilot rahbariga yarashadigan ish emas, qolaversa, bu butun tashkilot mavqeiga putur yetkazishi mumkin. Bunday xulosa qilishdan avval, Murojaatnomadagi har bir tashkilotning tuzilmasini, holati va ish faoliyatini oʻrganib, tanqid qilish oʻrinlidir.
Ayniqsa, davlat imijini ijobiy yaratishda biri birimizga koʻmaklashishimiz zarurdir, tanqidni har bir ishdan topsa boʻladi.