O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Davlat xizmatlari koʻrsatish jarayoni tubdan oʻzgarmoqda
2019-03-14 | Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev faollar yigʻilishidan soʻng Navoiy shahridagi Davlat xizmatlari markazi faoliyati bilan tanishdi.
Markazda elektron navbat tizimi joriy etilgan, fuqarolarga yuzdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatiladi. Notarial xizmatlar, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish, pasportni rasmiylashtirish, haydovchilik guvohnomasini almashtirish va boshqalar shu yerning oʻzida amalga oshiriladi.
Mijozlarga qulaylik yaratish maqsadida bolalar maydonchasi, kafe, kitob javonlari, bepul Wi-Fi tashkil etilgan. Bu yerga kelganlar ulardan foydalanib, kutish vaqtini mazmunli oʻtkazishi mumkin.
Markazga kelolmaydigan hamda olis ovul va mahallalarda yashaydigan aholi uchun maxsus transportlarda joylarga chiqqan holda xizmat koʻrsatiladi.
Prezidentimiz Xalq qabulxonasining markazdagi boʻlimiga kirib, xodimlar bilan suhbatlashdi. Aholi qanday masalalar boʻyicha murojaat qilayotgani bilan qiziqdi.
Shu yerda Navoiy viloyatida tadbirkorlik, kichik biznes va hunarmandlikni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, eksperiment tariqasida “Navoiy – tadbikorlar viloyati” loyihasi amalga oshiriladi. Bunda tadbirkorlarga qulaylik yaratish maqsadida ularni roʻyxatdan oʻtkazishda davlat boji ikki barobar kamaytiriladi. Qator xizmat koʻrsatish sohalariga imtiyozlar beriladi.
Davlatimiz rahbari markazda tadbirkorlar uchun xizmatlarni kengaytirish, xususan, ularga yer ajratish, qurilishga ruxsat olish kabi jarayonlarni integratsiyalash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Prezidentimiz Navoiy shahridagi 3-sonli ichki ishlar boʻlimini borib koʻrdi.
Bu yerda yaratilgan sharoitlar, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Davlatimiz rahbari xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlar bilan muloqotda ayollarning turmush sharoitlarini oʻrganib borish, dardu tashvishlariga koʻmak berish zarurligini taʼkidladi.
- Agar jamiyatimizni adolatga ishontirmoqchi boʻlsak, avvalo, xotin-qizlarning ishonchini qozonishimiz, ularni asrashimiz kerak. Ayolning yashash tarzi, dunyoqarashi oila muhitini belgilaydi. Bu farzandlar tarbiyasi uchun juda muhim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz ichki ishlar boʻlimidagi situatsion markazni koʻzdan kechirdi. Jamoat xavfsizligini taʼminlashga ixtisoslashgan dasturiy mahsulotlar yaratish, jinoyatchilikni turlari boʻyicha tahlil qilib, ularni bartaraf etish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Shuning bilan Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatiga tashrifi yakunlandi.