O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oʻzbekiston-Niderlandiya” agro-biznes-forumi va “V2V” formatida uchrashuv boʻlib oʻtdi
2019-03-13 | Iqtisodiyot
2019-yil 12-mart kuni Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston-Niderlandiya” agro-biznes-forumi va ikki mamlakatning ishbilarmon doira vakillari bilan “V2V” formatida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Niderlandiya Qirolligining (Moskva rezidensiyasi) elchisi Rene Djons-Bos boshchiligidagi delegatsiya tarkibidan qishloq xoʻjaligi, xususan, meva-sabzavotlarni yetishtirish va qayta ishlash, innovatsion sugʻorish tizimlari, oʻsimliklarni yetishtirish, issiqxonalar qurish, sovutish uskunalari, yirik chorva qoramollarni yetishtirish, bogʻdorchilik, mevali daraxtlarni yetishtirish, yilqichilik, zamonaviy issiqxonalar uchun quyoshdan himoyalovchi vositalar, parrandachilik va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi 45 ta kompaniya vakillari oʻrin olgan.
Uchrashuv davomida Niderlandiya Qirolligining delegatsiya vakillari Oʻzbekistonda investitsion muhitni yanada yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.
Ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi “V2V” uchrashuvida Oʻzbekiston va Niderlandiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat korxonalarining hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.
Taʼkidlash joizki, 2018-yilgi oʻzaro tovar aylanmasining hajmi 147,26 mln. AQSH dollarini tashkil etdi, ulardan 11,58 mln. AQSH dollari eksport, 135,68 mln. dollar importga toʻgʻri keladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan Niderlandiyaga metallar, mashina va uskunalar, meva-sabzavot mahsulotlari, noorganik kimyoviy moddalar, toʻqimachilik mahsulotlari, plastmassadan tayyorlangan buyumlar va boshqa mahsulotlarni eksport qilishadi.
Niderlandiya Qirolligidan Oʻzbekistonga kimyoviy mahsulotlar, mashina va uskunalar, meva-sabzavot mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, uy hayvonlari, optik asboblar va boshqalar import qilinadi.
Mamlakatimizda Niderlandiya kapitali ishtirokida 47 korxona mavjud. Shu jumladan: 30 tasi qoʻshma korxonalar, shundan 17 tasi 100% Niderlandiya kapitali asosida faoliyat yuritib kelmoqda. Respublikada 9 ta oziq-ovqat va yengil sanoatda faoliyat yuritadigan Niderlandiya kompaniyasining vakolatxonalari akkreditatsiyadan oʻtgan.
14-mart kuni delegatsiya vakillari Namangan viloyatining qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun salohiyat va imkoniyatlarni namoyish etish maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurishadi.
Shuningdek, tashrif davomida Niderlandiya delegatsiyasi vakillari Toshkentda “AgroWorld-2019” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etishni rejalashtirmoqda.